Rossiyaning “Совкомбанк” “Oʻzagroeksportbank"ning 100% davlat ulushini $4 mln ga sotib oldi, deb xabar bermoqda Davaktiv matbuot xizmati.

Bitim “Oʻzagroeksportbank” aksiyadorlik tijorat banki faoliyatini tahlil qilish (due diligence) natijalariga koʻra, tanlov asosida ochiq tender orqali tuzilgan. “Grant Thornton” xalqaro kompaniyasi xususiylashtirish boʻyicha konsultant sifatida jalb qilingan va KPMG baholashni amalga oshirgan.

Jami 4 nafar ishtirokchi xarid qilish istagini bildirgan. Barchaga bank bilan bogʻliq maʼlumotlar, konsultantning aloqalari, bank rahbariyati bilan tanishish imkoniyati berildi va bankka tashrif buyurish uchun eshiklar ochildi.

Bank faoliyati bilan bevosita shugʻullanuvchi, nafaqat xorijiy investitsiyalarni, balki xorijiy bank tajribasini, zamonaviy moliyaviy mahsulotlar va xizmatlarni ham mamlakatimizga olib kirishga qodir nomzod sifatida “Совкомбанк"ga ustunlik berildi.


“Oʻzagroeksportbank” 2017-yilda tashkil etilgan boʻlib, 100% Toshkent hokimligiga tegishli. Bankning asosiy vazifalari qatoriga eksport qiluvchi tashkilotlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, meva-sabzavot mahsulotlari eksport salohiyatini samarali va barqaror rivojlantirishni taʼminlash kiradi.

Davlat aksiyalari paketini toʻliq sotish niyati oʻtgan yilning may oyida maʼlum boʻlgan edi. Xarid qilish uchun ariza beruvchilarni saralashning birinchi bosqichi iyul oyida yakunlandi. Noyabr oyida “Совкомбанк” davlatga tegishli “Oʻzagroeksportbank” aksiyalarining 100%ini sotib olish boʻyicha bitim tuzish rejalari haqida xabarlar tarqalgan edi.

“Oʻzagroeksportbank” 2021-yilning uchinchi choragini 16,7 mlrd soʻm zarar bilan yakunladi.

Avvalroq Spot Ipoteka-bankdagi davlat ulushining 75%i Vengriya OTP bankiga sotilishini yozgan edi.

“Совкомбанк” shtab-kvartirasi Kostromada joylashgan Rossiya xususiy universal tijorat bankidir. Bank xodimlari Rossiya Federatsiyasida 2,3 mingdan ortiq ofislarida ishlaydi, ularning soni 23 ming nafardan iborat. Bank mijozlari 12 mln kishini tashkil qiladi. Xalqaro shkala boʻyicha kredit reytinglari: S&P — “BB”, prognoz “ijobiy”, Moodyʼs — “Ba1”, prognoz “barqaror”, Fitch — “BB+”.