Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov oʻzining kanalida post qoldirdi. Unda Telegramdagi ayrim kanallarda Ukraina voqealariga oid yolgʻon maʼlumotlar koʻpayib borayotgani, bu xabarlarni toʻliq nazorat qilishga imkon yoʻqligi aytilgan. Shuningdek, agar vaziyat taqozo qilsa, nizo boʻlayotgan hududlardagi kanallar faoliyati cheklanishi aytilgan.
Spot ushbu postni oʻzbek tilida havola etadi.
Telegram kanallari borgan sari Ukraina voqealariga oid tasdiqlanmagan maʼlumotlar manbaiga aylanib bormoqda. Bizda barcha kanal nashrlarini toʻgʻriligini tekshirish uchun jismoniy imkoniyatimiz yoʻq.
Men Rossiya va Ukraina foydalanuvchilarini Telegramʼda tarqatilayotgan har qanday maʼlumotlarga shubha bilan qarashga chaqiraman.
Biz Telegramdan nizolarni kuchaytiruvchi va milliy adovatni qoʻzgʻatuvchi vosita sifatida qoʻllanilishini istamaymiz.
Vaziyat keskinlashgan taqdirda biz ziddiyat davom etgan davlatlarda Telegram kanallari faoliyatini qisman yoki toʻliq cheklash imkoniyatini koʻrib chiqamiz.
Ushbu xabardan bir necha daqiqa oʻtgach, Durov qarorini oʻzgartirishi haqida yozdi. Bunga sabab foydalanuvchilar maʼlumotlar manbaidan uzilib qolishdan xavotirda ekanliklarini bildirishgan.
Koʻpgina foydalanuvchilar bizdan ziddiyat davrida Telegram kanallarini oʻchirib qoʻyish haqida oʻylamaslikni soʻradilar, chunki biz ular uchun yagona maʼlumot manbaimiz.
Mazkur murojaatlar yuzasidan biz bunday choralarni koʻrmaslikka qaror qildik. Ammo yana bir bor sizdan ushbu ogʻir davrda Telegram kanallarida eʼlon qilinayotgan maʼlumotlarni qayta tekshirib koʻrishingizni va hamma xabarga ham ishonmasligingizni soʻrayman.
Avvalroq Pavel Ukraina voqealari fonida Telegram faoliyatidagi uzilishlar haqida maʼlumot bergandi.