28-fevral kuni Moskva birjasida dollar kursi ilk bor 100 rubldan oshdi, deb yozadi “RBK”.
Birjaning valyuta bozoridagi savdolari Rossiya bankining qaroriga binoan soat 10:00 (Toshkentda 12:00) da ochildi. Dollar/rubl juftligi uchun narx koridori bir dollar uchun 76,15 dan 90 rublgacha boʻlgan oraliqda belgilandi.
Savdo boshlanganidan keyin bir soat ichida kurs 10 rublga koʻtarildi va 100 rubllik psixologik belgiga yetdi. Shundan soʻng u oʻsishda davom etdi va Moskva vaqti bilan soat 11:58 da eng yuqori choʻqqida bir dollar uchun 109 rublga yetdi.
Biroq Moskva vaqti bilan soat 12:10 da kurs 98 rublgacha tushdi. Toshkent vaqti bilan 16:10 da 1 dollar 97,85 rublga teng boʻldi. Keyingi 10 daqiqa ichida Rossiya valyutasi yana 2 birlikni qaytarib oldi — 95,62 rublni tashkil etdi.
RBK taʼkidlaganidek, Belarusda Ukraina bilan chegarada boshlangan Rossiya-Ukraina muzokaralari fonida rubl mustahkamlana boshladi. Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy “kelishuvga erishish uchun qancha vaqt kerak boʻlsa” gaplashishga bel bogʻlagan.
Bundan tashqari, Rossiya Markaziy bankining choralari rubl kursini saqlab qolishga yordam beradi. Rossiya valyutasini barqarorlashtirish uchun regulyator muntazam valyuta intervensiyalarini yoʻlga qoʻydi va asosiy stavkani ikki barobardan koʻproq — 9,5% dan 20% gacha oshirdi.
Shuningdek, Moliya vazirligi rossiyalik eksportchilarni valyuta tushumlarining 80%ini bozorda sotishga majbur qiladi. Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, qaror valyuta bozoriga yiliga $470−480 mlrd.ga yaqin daromad keltiradi.
Moskva birjasining aksiyalar va derivativlar boʻlimlari, Markaziy bank qaroriga koʻra, butun kun davomida yopiq qoladi. 1-mart kuni birjaning ishlash tartibi shu kuni ertalab regulyator saytida eʼlon qilinadi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Spot Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiya Markaziy banki aktivlarini muzlatib qoʻygani haqida yozgan edi. Spot, shuningdek, Qozogʻiston fond birjasi tenge/dollar savdosini maxsus rejimga oʻtkazgani va ularni toʻxtatib turish masalasi koʻrib chiqilayotgani haqida xabar berdi.