Oʻzbekistonda 2022-yil 1-sentyabrdan xususiy sektorda rasmiy ishlayotgan ayollarga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan kafolatli toʻlab beradigan tizim yaratiladi. Bu haqda prezident yigʻilishida maʼlum qilindi.
Prezident ayollarni ijtimoiy himoya qilishni tubdan kuchaytirish va bu boradagi yondashuvlarni qayta koʻrib chiqish vazifasini qoʻydi.
Mamlakatimizda har yili oʻrtacha 700 ming chaqaloq dunyoga kelmoqda. Farzandli boʻlgan ayollar kamida 4 oyga ishdan ajralishi, dekretga chiqishi kerak.
Yigʻilishda eʼlon qilingan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yana bir qator chora-tadbirlar:
- ehtiyojmand yolgʻiz ayollar farzandlari uchun davlat bogʻchalari toʻlovlari byudjetdan qoplab beriladi;
- yirik ishlab chiqarish korxonalari, toʻqimachilik klasterlari va kechki smenada aksariyat ayollar ishlaydigan korxonalar bogʻcha tashkil qilganda, ulardagi tarbiyachilarning ish haqi davlat tomonidan toʻlab beriladi;
- 27 ming nafar ayolning uy-joy sharoitini yaxshilash boʻyicha aniq rejalar belgilab olingan;
- 2022-yilda ipoteka kreditlari boʻyicha ajratiladigan subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga yoʻnaltiriladi;
- uy-joyga muhtoj 14 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga ijara toʻlovlari uchun 500 ming soʻmgacha kompensatsiya beriladi;
- 2022-yilda respublika boʻyicha 1 mingta ijtimoiy uylar sotib olinadi;
- viloyat hokimlari ushbu uylarning 700 tasini uy-joyga muhtoj yolgʻiz ayollarga ijaraga beradi, ushbu xotin-qizlar kasb-hunarga oʻrgatiladi.