Taniqli tadbirkor Akmal Payziyev “Express Dookon” loyihasi yopilayotganini maʼlum qildi.
“Bugun soat 22:00 da „Express Dookon“ loyihasini yopayotganimizni qaygʻu bilan eʼlon qilaman”, deyiladi Payziyevning Instagramdagi sahifasida.
Loyiha bir yil avval boshlangan. “Dookon” mahsulotlarni 3 km radiusdagi omborlardan yetkazib berilgan. Asosan shahar markazida xizmat qilgan. Eng yuqori choʻqqida bitta ombordan 250 ta buyurtmani amalga oshirishga erishilgan.
“Ushbu loyiha menga va mijozlarimizga yoqardi, lekin u katta yoʻqotishlarga olib kelmoqda. Oʻtgan oyning oʻzida loyihadan 190 mln soʻm zarar koʻrildi. Zarar 300 mln ga yetgan oylar ham boʻldi. Bozorimiz hali bunday loyihalarga tayyor emasligini angladik. Ehtimol, biz loyihani keyinchalik qayta ishga tushirarmiz”, dedi tadbirkor.
Taʼkidlanishicha, “Dookon” jamoasi bilan boshqa loyihada tajriba oʻtkaziladi.