Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasiga “Oʻzbekistonning ayrim asosiy savdo hamkorlari"dagi vaziyat bilan bogʻliq yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni yumshatish rejasini ishlab chiqishni topshirdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov maʼlum qildi.

Rejada iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va har bir hudud boʻyicha ijtimoiy-iqtisodiy taʼsirlar hisobga olinishi kerak. Moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, korxonalarning barqaror ishlashi va investitsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratish lozim.

Mahalliy hokimliklar va soha rahbarlariga transport-logistika tarmogʻining ishonchliligini taʼminlash choralarini koʻrish topshirildi. Xususan, eksport geografiyasini yanada diversifikatsiya qilishni hisobga olish kerak.

Shuningdek, hokimlar aholini ijtimoiy himoya qilishni taʼminlash, yangi ish oʻrinlari tashkil etish va ishsizlarni ish bilan taʼminlashni jadallashtirish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirishi lozim. Bundan tashqari, ularga inflyatsiya darajasini kuzatish, isteʼmol bozorida narxlarning keskin oʻzgarishiga yoʻl qoʻymaslik vazifasi yuklatilgan.


24-fevral kuni Rossiya qoʻshinlarining Ukrainada “maxsus operatsiyasi” boshlanganidan soʻng Gʻarb davlatlari Rossiyadan kelgan kompaniyalarga nisbatan sanksiyalarni kengaytira boshladi. Bir qancha yirik banklar yangi cheklovlarga duch kelishdi.

Oʻsha kundan buyon kamida 3 ta Oʻzbekiston banki Rossiyadan pul oʻtkazmalari qisman yoki toʻliq toʻxtatilgani haqida xabar bergan. Birinchisi Hamkorbank boʻldi, 25-fevral kuni “Сбербанк Онлайн” orqali yuborilgan mablagʻlarni qabul qilishni vaqtincha toʻxtadi. Keyinchalik oʻtkazmalar davom ettirildi.

28-fevral, dushanba kuni “Ipak yoʻli banki” ham oʻtkazmalar toʻxtatilishini maʼlum qildi. “Сбербанк Онлайн"dan tashqari, texnik sabablarga koʻra pul mablagʻlarini yuborish va qabul qilish uchun Unistream orqali pul oʻtkazmalarini qayta ishlashni ham toʻxtatdi.

Oʻsha kuni kechqurun Apelsin rubldagi operatsiyalarni, jumladan, Rossiyadan pul oʻtkazmalarini qabul qilishni toʻxtatdi. Ayni paytda VISA, Mastercard va Western Union pul oʻtkazmalari odatdagidek ishlamoqda.

Rublning har safar zaiflashishi pul oʻtkazmalariga va natijada oʻzbekistonliklarning koʻp jihatdan ular bilan bogʻliq boʻlgan daromadlariga taʼsir qiladi. Bu omil hayotning barcha sohalariga — aholining toʻlov qobiliyati, tovar va xizmatlarga boʻlgan talabidan tortib, davlat byudjeti va qashshoqlik darajasigacha taʼsir koʻrsatadi.