“Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Prezident farmoni (PF-81-son, 01.03.2022-y.)qabul qilindi.
Farmon bilan Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi (Qoʻmita) hamda uning hududiy boʻlinmalari tashkil etildi.
Qoʻmita oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Oila va xotin-qizlar masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Qoʻmita bilan majburiy tartibda kelishiladi.
Farmon bilan quyidagi lavozimlar kiritildi:
- Vazirlar Mahkamasiga — Bosh vazir oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga — Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi;
- viloyat hokimliklariga — hokim oʻrinbosarlari — oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari;
- tuman (shahar) hokimliklariga — hokim oʻrinbosarlari — oila va xotin-qizlar boʻlimlari boshliqlari lavozimlari.
Quyidagi lavozimlar tugatildi:
- mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri;
- mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalari boshliqlari;
- mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari boshliqlari lavozimlari.
Har bir shaharcha, qishloq, ovulda, har bir mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etildi.
Farmonga koʻra, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalari negizida tegishincha Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalari tashkil etildi.
Vazirlik nuroniy va keksalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, mahallalar bilan hamkorlik oʻrnatish boʻyicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Mahalla, nuroniy va keksalar masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Vazirlik bilan majburiy tartibda kelishiladi. Farmonga koʻra, mahalla raisiga qoʻshimcha huquqlar berildi.
Mahalla raisi, jumladan, tuman (shahar) hokimi yordamchisi, mahalladagi yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli, ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlarini ragʻbatlantirish yoki ularga nisbatan egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan jazo choralarini qoʻllash boʻyicha mazkur xodimlarning yuqori turuvchi tashkilotlariga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritishi mumkin.
2022-yil 1-iyulgacha “Mahalla toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Farmon bilan shuningdek, aholi muammolarini oʻrganish, tahlil qilish va hal etish hamda murojaatlarni davlat organlari va tashkilotlari tomonidan koʻrib chiqishning bir-biri bilan uzviy bogʻlangan toʻrt pogʻonali “mahalla-tuman-viloyat-respublika” tizimi joriy etildi.