“Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2022 yilda 478 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish orqali suvdan foydalanish samaradorligi oshiriladi.
Shunga ko‘ra, 2022 yil yakunigacha respublika bo‘yicha kamida:
- 230 ming gektar, shu jumladan, 160 ming gektar paxta yetishtiriladigan maydonlarda tomchilatib sug‘orish;
- 28 ming gektar, shu jumladan, 25 ming gektar boshoqli don yetishtiriladigan maydonlarda yomg‘irlatib sug‘orish;
- 2 ming gektar qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida diskretli sug‘orish tizimlari joriy qilinadi;
- 218 ming gektar ekin maydonlari lazerli uskuna yordamida tekislanadi.
Qarorga muvofiq, 2022 yildan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun, jumladan, tomchilatib sug‘oriladigan ekin maydonining har bir gektariga quyidagi miqdorda subsidiyalar beriladi:
- paxta maydonlari uchun — 8 mln so‘m (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi paxta maydonlarida joriy etilgan tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun 12 mln so‘m);
- sabzavot ekinlari va kartoshka ekin maydonlari uchun — 1,5 mln so‘m;
- poliz ekinlari maydonlari uchun — 1,3 mln so‘m;
- ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor o‘simliklar uchun — 2,5 mln so‘m;
- mevali ekinlar uchun — 6 mln so‘m;
- uzum maydonlari uchun — 8 mln so‘m.
Subsidiya mablag‘lari, hisob-kitob qilingan summaning:
- 50 foizi tizim joriy qilingan yili ajratiladi;
- 50 foizi kelgusi yili hosildorlik oshishi va uskunalarning ishlatilishiga qarab ajratiladi;
- qo‘shimcha 20 foizi uchinchi yilda joriy qilingan tizimni ishlatgan holda yuqori hosildorlikni saqlab qolgan paxta, g‘alla va meva-sabzavot klasterlariga to‘lab beriladi.
Subsidiya mablag‘lari joriy qilingan suvni tejaydigan sug‘orish tizimlari kamida 5 yil ishlatilishi sharti bilan ajratiladi.
Suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan yer maydonlari kamida 5 yil mobaynida maqbullashtirilmaydi, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga yerdan foydalanuvchi roziligi asosida sarf etilgan mablag‘larning o‘rni to‘liq qoplanganidan so‘nggina ruxsat etiladi.
2022 yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash uchun respublika byudjetidan 1 182,4 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Qarorga ko‘ra, “Tomchi-reestr” pudrat korxonalarining yagona elektron reyestri ishlab chiqiladi.
2022-yil 10-martgacha suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga subsidiyalar berish yuzasidan tegishli materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish hamda vakolatli organ va tashkilotlar bilan kelishishning “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi joriy qilinadi.