Qirgʻizistonning “Air Manas” aviakompaniyasi bugun uzoq tanaffusdan soʻng Bishkek — Toshkent — Bishkek yoʻnalishi boʻyicha ilk parvozni amalga oshirdi. Bu haqda “Uzbekistan Airpors” xabar bermoqda.
4-mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:05 da “Air Manas” aviakompaniyasining samolyoti Toshkent aeroportiga qoʻndi. Anʼanaga koʻra, samolyot suv arkasi bilan tantanali ravishda kutib olindi. Oradan bir soat oʻtib, soat 11:15 da samolyot bortida 144 nafar yoʻlovchi bilan Toshkent — Bishkek yoʻnalishi boʻyicha joʻnab ketdi.
Mart oyi davomida parvozlar dushanba va juma kunlari charter asosida amalga oshiriladi. Yozgi jadvalga oʻtish munosabati bilan “Air Manas” aviakompaniyasi Bishkek -Toshkent — Bishkek yoʻnalishi boʻyicha muntazam qatnovlarga oʻtishga umid qilmoqda.
Ma’lumot uchun, aviatashuvchi Oʻzbekistonga deyarli ikki yil davomida parvoz qilmagan — parvozlar 2020 yilda pandemiya sababli toʻxtatilgan edi.
Avvalroq Spot “Uzbekistan Airways” Rossiya shaharlariga parvozlar jadvali va yoʻnalishini oʻzgartirganligi haqida yozgan edi.