Alisher Usmonov va hamkorlariga tegishli USM xoldingi “Kapitalbank” aksiyalari sotilishini eʼlon qildi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Xolding “Kapitalbank” aksiyalarining 61,54%iga birgalikda egalik qiluvchi “Телекоминвест” (RF) va Finance TCI (Oʻzbekiston) ustav kapitalidagi 100% ulushlarini sotish boʻyicha bitim tuzdi.
Bitim “Kapitalbank” ATB biznesini birgalikda rivojlantirishdan manfaatdor boʻlgan xususiy investorlar guruhi tashabbusi bilan tuzilgan, deyiladi xabarda.
Bitimning tijorat shartlari oshkor etilmagan.
USM Holdings shoʻba korxonasi boʻlgan “Телекоминвест” 2021-yil noyabr oyida 215 mlrd soʻmga chiqarilgan qoʻshimcha 65,9 mln dona aksiyani sotib olib, bank aksiyadoriga aylandi. 2022-yil yanvar oyida kompaniya qoʻshimcha ulush — 32,98 mln dona aksiyani 108 mlrd soʻmga sotib oldi va oʻz ulushini 25% ga yetkazdi.
“Телекоминвест"ga qarashli “Finance TCI” joriy yilning yanvar oyida 32,98 mln dona aksiya paketini 108,45 mlrd soʻmga sotib olib, “Kapitalbank” aksiyadoriga aylandi.
Avval xabar qilinganidek, Yevropa Ittifoqining sanksiyalar roʻyxatiga kiritilgan Alisher Usmonov ham AQSh va Buyuk Britaniya sanksiyalari ostida qolgan edi. Uning “Dilbar” yaxtasi va shaxsiy samolyotiga ham sanksiyalar joriy qilingan. Biroq, AQSh gʻaznachiligi bosh litsenziya berdi, unga koʻra tadbirkorning kompaniyalari, hatto u 50% dan koʻprogʻiga ega boʻlgan kompaniyalar ham sanksiyalardan chiqariladi. Istisno boshqa sabablarga koʻra ilgari sanksiyalangan kompaniyalarga taalluqli emas.