Uzcard “Мир” toʻlov tizimi kartalarini qabul qilish vaqtinchalik toʻxtatilganini maʼlum qildi. Bu haqdagi maʼlumotlar kompaniya saytida eʼlon qilingan.
“Amalga oshirilayotgan texnik ishlar munosabati bilan 03.03.2022 yildan boshlab mavjud Uzcard terminal uskunalari parkining barcha qurilmalari, jumladan POS-terminallar, bankomatlar va infokiosklar tomonidan „Мир“ toʻlov tizimi kartalarini qabul qilish vaqtincha toʻxtatildi”, — deyiladi xabarda.
“Мир” — bu Rossiya toʻlov tizimi. Uning asosidagi bank kartalarini chiqarish 2015-yilda boshlangan. Kompaniya oʻz maqsadini “mamlakatning moliyaviy xavfsizligi va Rossiyada bank xizmatlarining tashqi siyosiy va iqtisodiy omillardan mustaqilligini taʼminlash” deb ataydi.
Uzcard — “Мир” qoʻshma loyihasini ishga tushirish rejalari 2019-yilda maʼlum boʻlgan edi. Oʻsha yilning dekabr oyida Oʻzbekistonda loyiha doirasida kobeydjing kartalar chiqarila boshlandi, bu borada “Aloqabank” birinchi emitent boʻldi. 2020-yil iyun oyida “Мир” Oʻzbekistonga transchegaraviy pul oʻtkazmalarini yoʻlga qoʻydi, bu pul oʻtkazmalarini Uzcard toʻlov tizimida ishtirok etuvchi istalgan bank kartalariga amalga oshirish mumkin.
Avvalroq Spot Oʻzbekistonliklar bir kunda banklardan $26 mln sotib olganligi haqida yozgan edi.