Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Bektemir-spirt” eksperimental zavodini xususiylashtirish doirasida mustaqil baholash kompaniyasi tanlovini eʼlon qildi.

51% davlatga tegishli nazorat paketi baholanishi kerak. Mazkur aktiv prezidentning 2021-yildagi farmoni bilan xususiylashtirish dasturiga kiritilgan.

Tanlov mamlakatda baholash faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan kompaniyalar oʻrtasida oʻtkaziladi. Bozor qiymati Yagona milliy baholash standarti talablariga muvofiq belgilanishi kerak.

Tijorat takliflari 11-mart soat 18:00 (Toshkent vaqti bilan)gacha qabul qilinadi. Bogʻlanish uchun raqamlar ushbu havolada.


“Bektemir-spirt eksperimental zavodi” aksiyadorlik jamiyati 2007-yildan buyon bozorda. Asosiy yoʻnalish — isteʼmol qilinadigan etil spirtini ishlab chiqarish va sotish hisoblanadi. Ustav kapitali 21 mlrd soʻm boʻlib, nominal qiymati 500 soʻm boʻlgan 42 mln dona oddiy aksiyalarga (joylashtirilgan aksiyalarga) boʻlingan.

2021-yil IV chorak yakuni boʻyicha kompaniya sof aktivlari qiymati 60,8 mlrd soʻmni tashkil etadi. Joriy yilda zavodda jami 113,7 mlrd soʻmlik 1 mln 500 ming dekalitr spirt ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Prognoz hisob-kitoblarga koʻra, sotishdan olingan sof tushum 82,79 mlrd soʻmni, yillik sof foyda esa 7,5 mlrd soʻmni tashkil qilishi kerak.