Markaziy bank xorijiy valyutalarning soʻmga nisbatan 9 martdan amal qiluvchi kurslarini eʼlon qildi.

Unga koʻra, dollarning rasmiy kursi 13,16 soʻmga pastlab, 10 897,27 soʻmni tashkil qildi. Yevro 186,67 soʻmga pastlab, 11 831,17 soʻm boʻldi.

Rubl kursi qulashda davom etadi, Rossiya valyutasi 19,21 soʻmga qadrsizlanib, 1 rubl 79,89 soʻmga teng boʻlgan.


Bugun ertalab banklarda dollar kursi ilk bor 10 960 soʻmga yetgandi.

Banklar va pul oʻtkazmalari

Avvalroq Markaziy bank Rossiyadan transchegaraviy pul oʻtkazmalarini joʻnatish va qabul qilishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolar haqida ogohlantirgandi.

“Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, bir qator xalqaro pul oʻtkazmalari operatorlari ishida vaqtinchalik qiyinchiliklar yoki uzilishlar kuzatilmoqda”, — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Regulyatorning eslatishicha, Rossiyadan Oʻzbekistonga pul oʻtkazmalarida bir nechta tizimlar mavjud. Agar ulardan baʼzilari muammolarga duch kelsa, muqobil xizmatlardan foydalanish tavsiya etiladi.

Banklar xorijdan kelayotgan mablagʻlarning aholi uchun ahamiyatini inobatga olgan holda pul oʻtkazmalari tizimlarining uzluksiz ishlashi uchun zarur choralarni koʻradi.

24-fevral kuni Rossiya qoʻshinlarining Ukrainada “maxsus operatsiyasi” boshlanganidan soʻng Gʻarb davlatlari Rossiyadan kelgan kompaniyalarga nisbatan sanksiyalarni kengaytira boshladi. Bir qancha yirik banklar yangi cheklovlarga duch kelishdi.

Oʻsha kundan buyon kamida 3 ta Oʻzbekiston banki Rossiyadan pul oʻtkazmalari qisman yoki toʻliq toʻxtatilgani haqida xabar bergan. Birinchisi Hamkorbank boʻldi, 25-fevral kuni “Сбербанк Онлайн” orqali yuborilgan mablagʻlarni qabul qilishni vaqtincha toʻxtadi. Keyinchalik oʻtkazmalar davom ettirildi.

28-fevral, dushanba kuni “Ipak yoʻli banki” ham oʻtkazmalar toʻxtatilishini maʼlum qildi. “Сбербанк Онлайн"dan tashqari, texnik sabablarga koʻra pul mablagʻlarini yuborish va qabul qilish uchun Unistream orqali pul oʻtkazmalarini qayta ishlashni ham toʻxtatdi.

Oʻsha kuni kechqurun Apelsin rubldagi operatsiyalarni, jumladan, Rossiyadan pul oʻtkazmalarini qabul qilishni toʻxtatdi. Ayni paytda VISA, Mastercard va Western Union pul oʻtkazmalari odatdagidek ishlamoqda.

Kayinchalik Rossiyaning 7 ta banki SWIFT tizimidan uzildi.

Rublning har safar zaiflashishi pul oʻtkazmalariga va natijada oʻzbekistonliklarning koʻp jihatdan ular bilan bogʻliq boʻlgan daromadlariga taʼsir qiladi. Bu omil hayotning barcha sohalariga — aholining toʻlov qobiliyati, tovar va xizmatlarga boʻlgan talabidan tortib, davlat byudjeti va qashshoqlik darajasigacha taʼsir koʻrsatadi.

2021-yilda xorijdan joʻnatilgan pul oʻtkazmalari hajmi $8,1 mlrd ni tashkil etdi va bu mablagʻlar import qilinadigan tovar va xizmatlarga sarflangan valyuta oqimining bir qismini qopladi. Bundan tashqari, migrantlar daromadining oʻsishi soʻmning qadrsizlanishini toʻxtatish imkonini berdi.