Spot avval yozganidek, Oʻzbekiston Moliya vazirligi va YeTTB 2021-yil oktyabr oyida test svop-kelishuvlarni oʻtkazishga kelishib olgan edi.
Kuni kecha Oʻzbekiston va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasida birinchi valyuta svop-kelishuv (swap) amalga oshirildi. Uning hajmi $20 mln ni tashkil etdi, deya xabar qildi YeTTB matbuot xizmati.
Svop — bu maʼlum bir davr uchun aktivlarni almashtirishning bir turi. Bir tomon aktivni (qimmatli qogʻozlar, valyuta) sotib oladi va keyin uni boshqa tomonga xuddi shu yoki oʻzgartirilgan shartlarda qaytaradi.
Ushbu operatsiya Oʻzbekistonga xorijiy valyutada kredit olishda valyuta risklarini kamaytirishga yordam berishi kutilmoqda. Shunday qilib, Bank Moliya vazirligi tomonidan mahalliy derivativlar sanoatini mustahkamlash boʻyicha koʻrilayotgan qadamlarni qoʻllab-quvvatlaydi.
YeTTBning Oʻzbekistondagi rahbari Alkis Drakinos svop bitimini “Oʻzbekiston valyuta bozori rivojlanishidagi muhim bosqich” deb atadi. Bank tomonidan qoʻllab-quvvatlangan qonunchilik islohotlari bilan birgalikda u soʻmlik derivativlar qiymatini mustahkamlaydi.
“U [tashabbus] valyuta risklarini boshqarish va iqtisodiyotning real sektorini milliy valyutada kreditlashni soddalashtiradi. Bu Ayniqsa, Markaziy Osiyoda ham, undan tashqarida ham beqarorlik davrida juda muhim”, — deya taʼkidladi Drakinos.
Tranzaksiyani himoya qilish uchun ofshor valyuta fondi The Currency Exchange Fund (TCX) jalb qilindi. U orqali bir qator moliyaviy rivojlanish institutlari dunyoning 80 dan ortiq mamlakatlarida (Oʻzbekistonda — 2018 yildan) oʻrta va uzoq muddatli valyuta almashinuvi va forvardlarini taklif qilmoqda.