Rossiya Markaziy banki 10-martdan 10-sentyabrga qadar rezident yuridik shaxslar va xususiy tadbirkorlarga oʻz hisobvaraqlaridan $5 mingdan ortiq miqdorda naqd valyuta (dollar, iyena, funt sterling, yevro) yechib olishga taqiq joriy qildi.

Agar tadbirkorga $5 mingdan ortiq mablagʻ zarur boʻlgan taqdirda, tijorat banklarining regulyatorga murojaati bilan ushbu summa oshirilishi mumkin.

Xorijiy kompaniyalar va norezident tadbirkorlar esa 10-sentyabrgacha hisobvaraqlar va omonatlardan naqd shaklda dollar, yevro, iyena yoki funt sterling ololmaydi.

Shuningdek, norezidentlar boshqa valyutalarni oʻz hisoblaridan bozor kursida cheklovlarsiz yechib olishlari mumkin.


24-fevral kuni Rossiya qoʻshinlarining Ukrainada “maxsus operatsiyasi” boshlanganidan soʻng Gʻarb davlatlari Rossiyadan kelgan kompaniyalarga nisbatan sanksiyalarni kengaytira boshladi. Bir qancha yirik banklar yangi cheklovlarga duch kelishdi.

Oʻsha kundan buyon kamida 3 ta Oʻzbekiston banki Rossiyadan pul oʻtkazmalari qisman yoki toʻliq toʻxtatilgani haqida xabar bergan. Birinchisi Hamkorbank boʻldi, 25-fevral kuni “Сбербанк Онлайн” orqali yuborilgan mablagʻlarni qabul qilishni vaqtincha toʻxtadi. Keyinchalik oʻtkazmalar davom ettirildi.

28-fevral, dushanba kuni “Ipak yoʻli banki” ham oʻtkazmalar toʻxtatilishini maʼlum qildi. “Сбербанк Онлайн"dan tashqari, texnik sabablarga koʻra pul mablagʻlarini yuborish va qabul qilish uchun Unistream orqali pul oʻtkazmalarini qayta ishlashni ham toʻxtatdi.

Oʻsha kuni kechqurun Apelsin rubldagi operatsiyalarni, jumladan, Rossiyadan pul oʻtkazmalarini qabul qilishni toʻxtatdi. Ayni paytda VISA, Mastercard va Western Union pul oʻtkazmalari odatdagidek ishlamoqda.

Kayinchalik Rossiyaning 7 ta banki SWIFT tizimidan uzildi.

Rublning har safar zaiflashishi pul oʻtkazmalariga va natijada oʻzbekistonliklarning koʻp jihatdan ular bilan bogʻliq boʻlgan daromadlariga taʼsir qiladi. Bu omil hayotning barcha sohalariga — aholining toʻlov qobiliyati, tovar va xizmatlarga boʻlgan talabidan tortib, davlat byudjeti va qashshoqlik darajasigacha taʼsir koʻrsatadi.

2021-yilda xorijdan joʻnatilgan pul oʻtkazmalari hajmi $8,1 mlrd ni tashkil etdi va bu mablagʻlar import qilinadigan tovar va xizmatlarga sarflangan valyuta oqimining bir qismini qopladi. Bundan tashqari, migrantlar daromadining oʻsishi soʻmning qadrsizlanishini toʻxtatish imkonini berdi.