Xorazm viloyati, Yangiariq tumanida gaz-porshenli elektr stansiyasi qurilishining 1-bosqichi yakunlanib, Oʻzbekistonning yagona elektr tarmogʻiga 36,5 MVt quvvatda elektr energiyasi uzatish boshlandi. Bu haqida Energetika vazirligi xabar bermoqda.
Loyiha quvvati 174 MVt boʻlgan gaz-porshenli elektr stansiyasi (GPES) qurilishi 2021-yil avgust oyida boshlangan edi. Mart oyiga kelib qurilishning 1-bosqichi yakunlandi.
Yangi GPES toʻliq ishga tushirilgandan keyin yiliga 1,5 mlrd kVt*s elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Zamonaviy qurilmalarning energotejamkorligi hisobiga yiliga 800 mln kub.m. tabiiy gaz tejaladi. Bu 36 ming xonadonning 1 yillik gaz taʼminotiga toʻgʻri keladi
Loyihaning umumiy qiymati $105 mln ga teng boʻlib, qurilish 3 bosqichda amalga oshirilmoqda. Uning birinchi bosqichi yakunlanib, 2 ta gaz porshenli agregat tizimi ishga tushirildi va Oʻzbekistonning yagona elektr tarmogʻiga 36,5 MVt quvvat elektr energiyasi uzatishni boshladi. 2-bosqich yakunlangach, quvvat 73 MVt.ga yetkaziladi.
Xorazmda GPES qurilishi 2021-yil iyul oyida qabul qilingan prezident qarorida belgilab qoʻyilgan edi. Hujjatga asosan, Turkiyaning “Hidro Enerji Elektrik Uretim Sanayi A.Ş.” kompaniyasi quvvati 174 MVt boʻlgan GPES qurish investitsiya loyihasini amalga oshiradi.
Buning uchun “Odaş Enerji SA” MChJ loyiha kompaniyasi tashkil etilgan. Qurilish davridagi oʻz majburiyatlari lozim darajada bajarilishining taʼminoti sifatida u $1,3 mln miqdorida bank kafolatini taqdim etgan.
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va loyiha kompaniyasi oʻrtasida elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim ham imzolangan. Unga koʻra, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ 25 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish majburiyatini oladi va toʻlovni milliy valyutada amalga oshiradi.
Loyiha 2022-yil yoziga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan. U toʻliq ishga tushirilgach, 60 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.