Prezidentning “Issiqxona xoʻjaliklari faoliyatini samarali tashkil etish, ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarori loyihasi eʼlon qilindi. Unda quyidagi takliflar maʼqullanadi:
- davlat dasturlari doirasida hamda davlat qarzi evaziga jalb qilingan resurslar, shuningdek, tijorat banklarining oʻz mablagʻlari hisobidan issiqxona xoʻjaliklari uchun ajratiladigan kreditlarni qaytarish muddatini 15 yilgacha qilib belgilash hamda bugungi kunga qadar issiqxona xoʻjaliklari uchun ajratilgan kreditlarni qaytarish muddatini tegishlicha 15 yilgacha uzaytirish, bunda Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan taqdim qilingan kafillik va kompensatsiya majburiyatlari muddatini mos ravishda uzaytirish;
- xorijiy valyutada ajratilgan kreditlarni milliy valyutada qayta rasmiylashtirish hamda amaldagi kompensatsiya taqdim etish toʻgʻrisidagi shartnomalari mavjud boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga tijorat kreditlari boʻyicha foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan koʻp boʻlmagan qismini Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan qoplash berish;
- xorijiy moliya institutlaridan jalb qilingan mablagʻlar hisobidan issiqxona qurish uchun milliy valyutada imtiyozli foizlarda kredit ajratish mexanizmini joriy etish;
- aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun (hosilni yetishtirish bilan bogʻliq xarajatlar — urugʻlik, koʻchat, isitish, oʻgʻit, kimyoviy vositalar, issiqxona materiallari uchun) revolver kreditlar ajratish;
- issiqxona xoʻjaliklarining soliq va majburiy toʻlovlardan, tabiiy gaz hamda elektr energiyasi isteʼmolidan hosil boʻlgan muddati oʻtgan qarzdorliklari toʻlash muddatini istisno tariqasida 3 yil muddatga uzaytirish.
Energetika vazirligi, “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi eksport shartnomasiga ega boʻlgan issiqxona xoʻjaliklariga istisno tariqasida:
- issiqxona xoʻjaliklari tomonidan tabiiy gaz uchun toʻlovlarni oʻsib boruvchi koeffitsiyentlar va tariflarga muvofiq toʻlash, shuningdek, shartnomaga nisbatan ortiqcha olingan tabiiy gaz uchun oshirilgan stavkada toʻlov qoʻllash tartibini, jumladan, issiqxona xoʻjaliklari uchun shartnomadagi hajmlardan ortiqcha olingan tabiiy gaz qiymatiga nisbatan 1,4 koeffitsiyent bilan oshirilgan toʻlovni undirish tartibini bekor qilish choralarini koʻradi;
- tabiiy gaz hamda issiqlik taʼminoti yetkazib berish boʻyicha tuzilgan shartnoma qiymatining 30 foizini oldindan, qolgan 70 foizini mahsulot pishgandan keyin 90 kun davomida toʻlab berish tartibini joriy qiladi;
- tabiiy gaz hamda issiqlik taʼminoti uchun toʻlovni oʻz vaqtida amalga oshirmaganlik uchun hisoblanadigan penya miqdorining amaldagi 0,4 foizdan 0,1 foizga tushirilishi, shuningdek, 2021 yil 31 dekabr holatiga hisoblangan penya summalarini hisobdan chiqarilishini taʼminlaydi;
- hududlardagi issiqlik elektr stansiyalari va markazlari tomonidan issiqxona xoʻjaliklariga toʻgʻridan toʻgʻri issiqlik energiyasini yetkazib berish boʻyicha shartnomalar tuzish ishlarini tashkil qiladi;
- issiqxonalarda tabiiy gaz bilan taʼminlashni kafolatlash maqsadida “Hududgaztaʼminot” tomonidan issiqxona xoʻjaliklariga tabiiy gazni yetkazib berish boʻyicha 5 yil muddatga shartnomalar tuzishni taʼminlaydi;
- Adliya vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bilan birgalikda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazni yetkazib berish boʻyicha tuziladigan shartnomalar namunasini har ikki tomon manfaatlarini inobatga olgan holda qayta koʻrib chiqadi.