“Soliq maʼmuriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi qonun prezident tomonidan imzolandi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga qoʻshimchalar kiritildi. Soliq hisobotini oʻz vaqtida taqdim etmaslik hamda soliq va yigʻimlarni toʻlash uchun toʻlov topshiriqnomasini xizmat koʻrsatayotgan bankka taqdim etmaslik yoki oʻz vaqtida taqdim etmaslik soliq organlari yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali qayd etilgan holda, yuridik shaxs rahbari va yakka tartibdagi tadbirkorning maʼmuriy javobgarlikka tortilishiga asos boʻladi.
Tovarlar va koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun naqd pul mablagʻlari bilan yoki plastik kartochkalar boʻyicha hisob-kitob shakliga qarab, ularning narxlarini sunʼiy ravishda oshirish yoki pasaytirish BHMning 30 baravari (8 mln 100 ming soʻm) miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Soliq kodeksiga soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarning xolisligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritildi. Soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarning xolisligi videotasvirga olish qurilmalaridan foydalanish vositasida, bunday imkoniyat mavjud boʻlmaganda esa xolislar ishtirokida amalga oshiriladi.
Videotasvirni yozib olish toʻxtovsiz va izchil ravishda olib boriladi. Videotasvir materiallarining koʻchirma nusxasi soliq toʻlovchiga yoki uning vakiliga soliq nazoratiga oid tadbir tugagach taqdim etiladi. Qonunchilikda videoyozuv taqiqlangan hollarda yoki xolislar soliq nazoratini amalga oshirish bilan bogʻliq harakatlarga majburiy tartibda jalb etiladi.
Avvalroq Spot oʻtgan yili soliq tushumlari hajmi 23% ga oshganligi haqida yozgan edi.