Toshkent fond birjasi “Oʻzmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati qimmatli qogʻozlari savdosini toʻxtatdi. Bu haqda birja saytida aytilgan.
Savdo 14-martdan boshlab “mavjud vaziyatga oydinlik kiritilgunga qadar” toʻxtatildi. Bunga sabab auksionda zavod aksiyalari narxining keskin tushib ketgani boʻlgan, deyiladi xabarda.
Oxirgi haftada “Oʻzmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati qimmatli qogʻozlari deyarli 2,5 barobar arzonlashdi. Agar 4-mart kungi savdolar yakunida bitta aksiya 125 800 soʻmga teng boʻlgan boʻlsa, 11-mart kuni u 51 528 soʻmni tashkil qilgan edi.
7-martdan boshlab har bir savdo kunida aksiyalar narxi 20% ga tushib ketdi. Ayniqsa, 11-mart, juma kuni savdolar hajmi sezilarli darajada oshdi — oʻshanda 8898 dona aksiya bilan bitimlar tuzilib, ularning hajmi 463 mln soʻmdan oshdi.
Spot vaziyatga oydinlik kiritish uchun kompaniyaga murojaat qildi. Kombinat vakillari tahririyatga oʻz mulohazalarini yoʻllashdi.
15-mart kuni “Oʻzmetkombinat” aksiyadorlik jamiyatida aksiyadorlarning navbatdan tashqari yigʻilishi boʻlib oʻtadi, unda 1-yanvar holatiga koʻra taqsimlanmagan foydani ustav fondiga kapitallashtirish masalasi koʻrib chiqiladi. Shu munosabat bilan aksiyadorlar oʻz ulushlariga mos ravishda zavodning qoʻshimcha ulushlarini oladilar.
Kompaniya investorlardan 4-martdan keyin aksiyalarni sotishdan bosh tortishni soʻradi. Ushbu sanadan keyin aksiyalarni sotib olgan investorlar reyestrga kiritilmasligi va bonusli aksiyalar ololmasligi mumkin.
“Biroq 4-martdan keyin baʼzi investorlar tomonidan aksiyalarni sotish boʻyicha insofsiz harakatlar sodir boʻldi”, dedi kompaniya.
Shu sababli, kompaniya “savdoning vaqtincha yopilishini qabul qiladi”, deyiladi xabar oxirida.