Moliya vazirligi Davlat byudjeti daromadlarining 2021-yildagi ijrosi boʻyicha dastlabki natijalarni eʼlon qildi.

2021-yilning noyabr oyi holatiga koʻra, aholining katta qismini (34,5%) 1 mln soʻmgacha ish haqi oluvchilar tashkil etmoqda — 1 mln 616,8 ming kishi. Taqqoslash uchun, 2020-yilning noyabr oyida bu raqamlar 1 mln 769,6 ming kishiga (40%) teng boʻlgan.

2 mln soʻmgacha ish haqi oluvchilar soni 3%ga kamaygan. 2020-yilning noyabr oyida bu koʻrsatkich 27,1% ni tashkil etgan boʻlsa (1 mln 199,5 ming kishi), oʻtgan yilning noyabr oyida bu 24,1% gacha (1 mln 130,1 ming kishi) qisqargan.

4 mln soʻmgacha oylik oladigan fuqarolar soni esa 2,4% ga oshgan. Xususan, 2020-yilning noyabr oyida bu koʻrsatkich 22,3% ni (987,2 ming kishi) tashkil etgan boʻlsa, 2021-yilning noyabr oyida 24,7% ga (1 mln 157,4 ming) koʻpaygan.

Bundan tashqari, 5 mln soʻmgacha ish haqi oluvchilar soni ham ortgan. 2020-yilning noyabr oyida bu koʻrsatkich 3,7% ni tashkil etgan boʻlsa (162,4 ming kishi), oʻtgan yilning noyabr oyida 5,7% ga (268,4 ming kishi) yetgan

5 mln soʻmdan ortiq ish haqi oladiganlar soni ham oʻsgan. 2020-yil noyabr oyida 6,9% (304,2 ming kishi), 2021-yil noyabr oyida 11%li koʻrsatkich qayd etilgan (513,2 ming kishi).


Maʼlumot uchun, 2021-yilning noyabr oyi yakunlariga koʻra jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlovchilar soni 4 mln 685,9 ming kishini tashkil etdi, ulardan 42,6%i — byudjet, 57,4%i — nobyudjet tashkilotlar xodimlaridir.