Rossiya hukumati matbuot xizmati xabariga koʻra, 14-mart kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin shakar va don eksportini vaqtinchalik taqiqlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Qaror “ichki oziq-ovqat bozorini tashqi cheklovlar sharoitida himoya qilish” uchun qabul qilingan.
Bugʻdoy, javdar, arpa va makkajoʻxorini Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlariga olib chiqish taqiqlanadi. Cheklov 15-martdan joriy qilingan va 30-iyungacha amal qiladi.
Oq shakar va xom qamish shakarini uchinchi mamlakatlarga eksport qilish taqiqlanadi. Ushbu chora 15-martdan 31-avgustgacha amal qiladi.
Ikkala holatda ham istisnolar mavjud. Ushbu turdagi mahsulotlarni Rossiyadan tashqariga yetkazib berish, shu jumladan gumanitar yordam koʻrsatish uchun, shuningdek, xalqaro tranzit tashish doirasida davom etishi mumkin.
Oʻtgan hafta CNN Ukraina hukumatiga tayanib, mamlakat asosiy ekinlar — bugʻdoy, makkajoʻxori, don, grechka, shuningdek, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari — shakar, tuz va goʻsht eksportini vaqtincha toʻxtatganini xabar qildi. Ukraina agrar siyosat va oziq-ovqat vaziri Roman Leshchenkoning taʼkidlashicha, bu choralar “aholining muhim oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish” uchun qilingan.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning soʻzlariga koʻra, Rossiya va Ukraina Oʻzbekistonga eng yirik shakar yetkazib beruvchi davlatlar hisoblanadi, 2021-yilda bu davlatlar mos ravishda taxminan 6 va 4 ming tonna shakar yetkazib bergan. Oʻtgan yili shakar, shakar mahsulotlari va asal importi $40,6 mln ga baholangan.
Umuman olganda, Ukraina va Rossiya jahon bugʻdoy eksportining 30% va jahon makkajoʻxori taʼminotining 20% ni tashkil qiladi.
BMT Jahon oziq-ovqat dasturi rasmiy vakili Tomson Pirining soʻzlariga koʻra, Ukrainadagi vaziyat va oziq-ovqat mahsulotlarining jahon narxlarining oshishi global ocharchilikka olib kelishi mumkin.