Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tahlilida aytilishicha, Oʻzbekistonda fevral oyida ikkilamchi bozorda oʻrtacha uy-joy narxlari 1,7% ga oshdi (yanvar oyida oʻsish — 1,4%).
Hududlar kesimida uy-joy narxining eng yuqori oʻsish surʼatlari Sirdaryo (10,1%) va Surxondaryo (6,4%) viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasida (4,5%) kuzatildi. Samarqand (-2,3%), Andijon (-2,1%) va Namangan (-1,3%) viloyatlarida uy-joy narxining pasayishi qayd etildi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Toshkent shahrida oʻtgan oyga nisbatan ikkilamchi bozorda oʻrtacha uy-joy narxlari 1,6%ga oshgan. Tumanlar kesimida eng yuqori oʻsish Uchtepa (4,2%), Yakkasaroy (3,4%) va Yashnobod (2,9%) tumanlarida kuzatilgan. Poytaxtimizning Shayxontohur (-2,1%) va Bektemir (-1,9%) tumanlarida ikkilamchi uy-joy bozorida oʻrtacha narxlarning pasayishi qayd etildi.
Shuningdek tahlilga koʻra, oʻtgan oyda respublika boʻyicha 22 mingta koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalari rasmiylashtirilgan.