Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha shtab oʻz ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Shtabda turli sohalarda, jumladan, investitsiyalarni jalb qilish va yangi ishlab chiqarish obyektlarini tashkil etish, tashqi savdo, transport va tranzit boʻyicha salohiyatni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni targʻib qilish, importni optimallashtirish va boshqa muhim yoʻnalishlarga ixtisoslashgan kichik guruhlarga taqsimlangan mamlakat vazirliklari va idoralari xodimlari faoliyat koʻrsatmoqda.
Shtab xodimlari mahalliy tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar oʻz amaliyotlarida duch keladigan tizimli va xususiy xarakterdagi muammolarni aniqlash maqsadida ular bilan manzilli tarzda hamkorlik qilib kelmoqda.
Qabul qilingan maʼlumotlar har tomonlama tahlil qilinadi, uning natijalari asosida tizimli muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar va algoritmlar ishlab chiqiladi. Tadbirkorlar muammoli masalalari ham oʻrganilib, aniqlangan masalalarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga koʻrsatmalar berilmoqda.
Shtabda koʻrilayotgan amaliy chora-tadbirlar samaradorligini nazorat qilish mexanizmi joriy qilingan, tegishli muvofiqlashtiruvchi kichik guruh tadbirkorlar bilan bevosita muloqotda boʻlib, vazirlik va idoralar tadbirkorlar murojaatlariga qanchalik tez va samarali javob berayotganini aniqlaydi.
Har bir kun oxirida shtab faoliyati natijalari yuzasidan tezkor hisobot shakllantiriladi va tahlil qilish uchun tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish boʻyicha hukumat komissiyasiga yuboriladi.
Ushbu tahlil davomida aniqlangan tizimli muammolar investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, sanoatni rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratish, tadbirkorlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash yangi mexanizmlarini joriy qilish, foydali logistika yoʻnalishlarini kashf etish, yangi istiqbolli bozorlarga chiqish va xorijiy sheriklar bilan investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq takliflarni ishlab chiqish maqsadida har tomonlama oʻrganilmoqda.
Aloqaga chiqish uchun maʼlumotlar:
- Call-markaz: + 998 71 238 52 52;
- Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasi “ishonch telefoni” raqami: 1100;
- Savdo-sanoat palatasi: + 998 71 150 60 06;
- Biznes-ombudsman: + 998 71 202 09 06.