17-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining yigʻilishida asosiy stavkani yillik 17% ga koʻtarish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

“Tashqi iqtisodiy sharoitlarda yuzaga kelgan yuqori noaniqlik va keskinliklar fonida devalvatsion va inflyatsion kutilmalar oʻsishining oldini olish, milliy valyutada jamgʻarish faolligini saqlab qolish hamda tashqi xatarlarning iqtisodiyotimizga oʻtuvchi taʼsirini yumshatish orqali mamlakatda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash maqsadida Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 17% ga oshirildi”, deyiladi Markaziy bank bayonotida.

Qayd etilishicha, asosiy savdo-hamkor davlatlarda kuzatilayotgan iqtisodiy vaziyat, ularning valyuta kurslaridagi keskin tebranishlar, jahon xomashyo va energiya bozorlarida narxlarning oʻsishi makroiqtisodiy jihatdan noaniqliklar va xatarlarni oshirmoqda. Shuningdek, aholi va tadbirkorlik subyektlari orasida oʻtkazilgan soʻrovlar natijalari devalvatsion kutilmalarda sezilarli oʻsish kuzatilayotganini koʻrsatgan. Ayni paytdagi mazkur omillar turli kanallar orqali ichki makroiqtisodiy barqarorlikka qisqa va oʻrta muddatli istiqbolda salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Bunda qisqa muddatli taʼsirlar eksportdan tushumlar va Oʻzbekistonga pul oʻtkazmalari hajmining kamayishi hisobiga ichki valyuta bozorida taklifning qisqarishida, import qilinadigan isteʼmol tovarlari narxining qimmatlashishi orqali ichki narxlarning oʻzgarishida namoyon boʻlsa, oʻrta muddatli taʼsirlar tashqi va ichki talabning qisqarishi hisobiga iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichlariga tegishli bosim koʻrsatadi.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, joriy yil boshidan beri soʻmning AQSh dollariga nisbatan kursi 6,8% ga qadrsizlangan.

“Yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olib, Markaziy bank almashuv kursi keskin tebranishlarining oldini olish va bozorning barqaror faoliyatini taʼminlash maqsadida joriy yil mart oyining birinchi yarmida „neytrallik tamoyillari“ doirasida ichki valyuta bozorida intervensiyalar hajmini oshirdi. Mazkur intervensiyalar oʻtgan yilda valyuta bozoridagi ijobiy sharoitlar natijasida yuzaga kelgan qoʻshimcha zaxiralar hisobidan amalga oshirilmoqda. Kelgusida bozorda barqarorlikni taʼminlash maqsadida tegishli invervensiyalar amalga oshirilib, milliy valyuta kursi keskin tebranishlarining oldini olish choralari koʻriladi. Bugungi asosiy stavkaning oshirilishi ham yuzaga kelayotgan qisqa muddatli salbiy taʼsirlarni (shoklarni) yumshatishga qaratilgan”, deyiladi bayonotda.

Jahon bozorida asosiy oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxlarining sezilarli darajada oʻsayotganligi, tashqi taklifning qisqarishi va geografik jihatdan oʻzgarishi, isteʼmol tovarlari importida logistika bilan bogʻliq masalalar yil soʻngiga qadar ichki narxlarga qoʻshimcha bosimni yuzaga keltirish ehtimollarini oshirmoqda.

Tashqi xatarlarni minimallashtirish boʻyicha koʻrilayotgan qoʻshimcha choralar

Bank tizimini zaruriy likvidlik bilan taʼminlash maqsadida tijorat banklariga Markaziy bank tomonidan qisqa muddatli likvidlik cheklovlarsiz (RePO va SVOP operatsiyalari orqali) taqdim etib boriladi. MB tomonidan muomalaga chiqariladigan qisqa muddatli obligatsiyalar oylik oʻrtacha qoldigʻi boʻyicha limitlar 20 trln soʻmgacha oshirildi.

Tijorat banklariga joriy yilning 1-iyuliga qadar:

  • chakana operatsiyalar boʻyicha valyuta kurslarini belgilashda valyuta birjasida call auksion natijasida shakllangan valyuta kursidan foydalanish imkoniyati berildi;
  • tijorat banklari tomonidan auksionlarda xarid qilinadigan Markaziy bank obligatsiyalari boʻyicha foiz stavkalari darajasi asosiy stavkaning yuqori chegarasigacha kengaytirildi;
  • ikki haftalik depozit auksionlari boʻyicha limitlar bekor qilindi.