Davlat xizmatlari agentligining maʼlum qilishicha, texnik-profilaktik tadbirlar oʻtkazilishi munosabati bilan 19-martdan — 2-aprel kunigacha haydovchilik guvohnomasi almashtirish xizmati vaqtincha koʻrsatilmaydi.

Shuningdek, guvohnomani almashtirishning oxirgi muddatlarini mutanosib tarzda — 2023 yilning 31-dekabriga qadar uzaytirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Qayd etilishicha, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, har bir guvohnoma almashtirish punktiga kuniga 55−60 nafardan fuqaro murojaat qilganda — toʻliq qamrov uchun oʻrtacha 4 yil vaqt sarf qilinishi rejalashtirilgan. Hozirda esa, bir kunda 500−600 nafar fuqaro murojaat qilmoqda.

Respublika boʻyicha eski namunadagi haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlgan haydovchilar soni — qariyb 5,7 mln nafarni tashkil etadi. Shunga koʻra, eski haydovchilik guvohnomalarini majburiy almashtirish muddatlari Hukumat tomonidan 2 marotaba (dastlab, 2020-yildan — 2021-yilning oxiriga qadar, keyinchalik 2021-yildan — 2022-yilning soʻngiga qadar) uzaytirilgan.

Avvalroq Spot davlat xizmatlari markazlari haydovchilik guvohnomasini almashtirish boʻyicha “soʻnggi mijozgacha” rejimida ishlashi haqida yozgan edi.