Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Markaziy banki tashqi iqtisodiy sharoitdan kelib chiqib asosiy stavkani 14% dan 17% ga oshirdi. MB raisi Mamarizo Nurmurodov mazkur qarordan soʻng OAV savollariga javob berdi.
— Soʻmning almashuv kursi ham biroz vaqt oʻtgandan keyin rubl va tenge kursi bilan bir xil darajada qadrsizlanadi degan xavotirlar bor. Shundaymi va agar yoʻq boʻlsa sababi toʻgʻrisida qisqacha toʻxtalib oʻtsangiz.
— Soʻmning almashuv kursi rubl yoki tengening kursi bilan bir xil darajada qadrsizlanishi kerak degan fikr notoʻgʻri, albatta. Har bir davlatning oʻziga xos makroiqtisodiy siyosati, tashqi savdo aloqalari, kapital harakati bilan bogʻliq valyuta siyosati mavjud.
Valyuta kursining fundamental tebranishi eng avvalo makroiqtisodiy barqarorlik bilan bogʻliq.
Bugungi kunda prezidentimiz rahbarligida geosiyosiy vaziyatlarga qaramasdan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan makroiqtisodiy islohotlar va tarkibiy oʻzgarishlarni izchillik bilan davom ettirish eng ustuvor vazifalar etib belgilangan. Bu esa barqarorlikning muhim asosi hisoblanadi.
Tashqi xatarlar sharoitida Rossiya va Qozogʻistonda milliy valyutaning keskin qadrsizlanishi bir tomondan mamlakatdan kapital oqimining chiqib ketish hajmiga ham bogʻliq. Har ikkala davlatda kapital hisobvaragʻi nisbatan ochiq boʻlib, norezidentlarning bank tizimidagi depozitlari va davlat qimmatli qogʻozlaridagi ulushi sezilarli boʻlgan. Inqirozli vaziyat boshlanishi bilan ularning chiqib ketishi natijasida valyutaga boʻlgan talab ortib, rubl va tengening keskin qadrsizlanishi kuzatildi.
Biz esa kapital harakati bilan bogʻliq erkinlashtirish jarayonining dastlabki bosqichidamiz. Bizda norezidentlarning depozitlari ham deyarli yoʻq va ular davlat qimmatli qogʻozlariga ham egalik qilishmaydi. Shu sababli, tashqi xatarlar sharoitida bizda mamlakatdan sezilarli valyuta chiqib ketish xatari mavjud emas va mos ravishda soʻmning kursi nisbatan barqaror boʻlishi bashorat qilinadi.
Ikkinchi tomondan, milliy valyuta almashuv kursining asosiy savdo hamkorlardan boʻlgan Rossiya va Qozogʻiston valyutalari kursiga moslashuvida rubl va tengening nominal almashuv kursiga emas, balki real almashuv kursiga, yaʼni inflyatsiya darajasiga muvofiqlashgan kursiga eʼtibor berish kerak. Aytaylik, rublning kursi 20−30% ga qadrsizlanishi bilan mamlakatda inflyatsiya darajasi ham ortib boradi va real almashuv kursi qadrsizlanishi pastroq darajada boʻladi.
Shundan kelib chiqib, soʻmning ham kelgusida aynan qoʻshni davlatlar valyutalari darajasida keskin qadrsizlanishini kutish, valyuta kursi qadrsizlanishda davom etar ekan, deb vahima uygʻotish notoʻgʻri boʻladi.
— Pul oʻtkazmalari boʻyicha prognozlar qanday?
— Mart oyidan buyon Rossiyadan pul oʻtkazmalari hajmi sezilarli darajada kamaymoqda. Xususan, 2022-yil mart oyining birinchi yarmida Oʻzbekistonga yuborilgan pul oʻtkazmalarining umumiy hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli pasayishi kuzatilmoqda. Biroq pul oʻtkazmalarining qisqarishi faqat rublning qulashi tufayli sodir boʻlganini hali ham aniq aytish qiyin. Katta ehtimol bilan, yuqori darajadagi noaniqliklar bu yerda katta rol oʻynaydi, bu mehnat muhojirlarining pul joʻnatish yoki yubormaslik qarorlariga taʼsir qiladi.
Rossiyada sanksiyalar natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy vaziyat oʻrta muddatli istiqbolda pul oʻtkazmalari manbalarida tarkibiy oʻzgarishlar va ichki bozorimizda xorijiy valyuta taklifining tiklanishi kuzatiladi.
— Mamlakat oltin-valyuta zaxiralari hajmi yaqin kelajakda qanday oʻzgaradi?
— Birinchidan, Markaziy bank valyuta intervensiyalari siyosatida “neytrallik” tamoyiliga amal qilishda davom etadi. Bu Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari hajmining oʻzgarishiga taʼsir qilmaydi.
Ikkinchidan, oltinning jahon bozoridagi narxi xalqaro zaxiralar hajmining oʻzgarishiga taʼsir qiladi. Jahon bozorida oltin narxi yil boshidan buyon (2022-yil 16-mart holatiga koʻra) qariyb 7% ga oshdi, bu xalqaro zaxiralarni qoʻllab-quvvatlovchi omil hisoblanadi. Yaqin kelajakda, geosiyosiy keskinlik pasayishi hisobiga oltin narxining yil boshidagi darajaga qaytishini kutishimiz mumkin.
Uchinchidan, umumiy fiskal taqchillik narxlar va moliyaviy barqarorlikka taʼsir qiluvchi omillardan biri ekanini unutmasligimiz kerak. Shuning uchun byudjet taqchilligini tasdiqlangan parametrlar doirasida ushlab turish muhim ahamiyatga ega.
— Oʻzbekiston ichki bozoridagi narxlar oʻsish dinamikasi va aholining inflyatsion kutilmalarida qanday oʻzgarishlar yuz berdi?
— Markaziy bank kuzatuvlari natijalariga koʻra, mart oyining birinchi yarmida respublika hududlarida asosiy isteʼmol tovarlari narxi 0,6% ga oshgan. Shu bilan birga, oziq-ovqat mahsulotlari 0,8% ga, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,4% ga va xizmatlar 0,2% ga qimmatlashdi.
2022-yil fevral oyida oʻtkazilgan soʻrovga koʻra, uy xoʻjaliklarining keyingi 12 oylik inflyatsion kutilmalari 14% ni tashkil etdi. Tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari 0,3% bandga oshdi va 14,6% ga teng boʻldi.
Jahon bozorida oziq-ovqat va energiya narxlarining sezilarli darajada oshishi, tashqi yetkazib berish geografiyasining qisqarishi va oʻzgarishi, isteʼmol tovarlarini import qilishda logistika bilan bogʻliq muammolar yil oxirigacha ichki narxlarga qoʻshimcha bosim oʻtkazishi ehtimoli ortib bormoqda.
Hozirgi sharoitda Vazirlar Mahkamasi, mahalliy hokimliklar nomonetar omillarni bartaraf etish, shu jumladan, bozorlarda taklifning zarur hajmlarini taʼminlash yoʻli bilan ichki narxlar barqarorligini taʼminlash boʻyicha zarur choralarni koʻrmoqda.
— Hozirgi vaziyat Oʻzbekiston bank tizimiga taʼsir qilishi mumkinmi?
— Yuzaga kelgan vaziyatda Markaziy bank tomonidan tashqi savdo aloqalari boʻyicha toʻlov tizimining uzluksiz ishlashi va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash uchun barcha zarur choralar koʻrilmoqda.
Biz savdo hamkorlarimiz banklari oldidagi moliyaviy majburiyatlarning bajarilishini va ular bilan bogʻliq risklarning bank tizimining likvidligiga taʼsirini baholash uchun dastlabki stress-testlarini oʻtkazdik. Olingan natijalariga koʻra, xatarli ssenariy sharoitlarida ham mahalliy banklarning likvid mablagʻlarida maʼlum bir darajada pasayishlar kuzatilsada, yetarli miqdorda likvidlilik buferlarining mavjudligi hisobiga minimal talablardan kamayib ketish holatlari yuzaga kelmaydi.
Bank tizimini zarur likvidlik bilan taʼminlash maqsadida Markaziy bank tijorat banklariga zarur hollarda qisqa muddatli likvidlik beradi. Markaziy bankda tijorat banklarida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish yoʻllarini ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh tuzildi, banklar bilan muntazam operativ aloqa kanallari yoʻlga qoʻyildi.
Taʼkidlash joizki, tijorat banklari aholi va tadbirkorlarning talablari boʻyicha toʻlovlar va boshqa majburiyatlarning oʻz vaqtida va toʻliq bajarishlari uchun barcha imkoniyatlarga egalar.
— Bank tizimida dollarlashuv darajasi yuqoriligicha qolmoqda va bu tijorat banklari uchun prudensial normativ choralarini bajarishda qiyinchilikni yuzaga keltirishi mumkin. Ushbu yoʻnalishda Markaziy bank tomonidan qanday choralar amalga oshirilishi rejalashtirilgan? Ekspertlar yuqori dollarlashuv darajasi sababli ayrim davlat banklari kapital yetarliligi boʻyicha muammolarga duch kelishi mumkinligini bildirishmoqda. Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari qoʻllaniladimi?
— Bugungi kunda bank tizimida depozitlar dollarlashuvi 41% ni va kreditlar dollarlashuvi 47% ni tashkil etmoqda. Taʼkidlash joizki, banklarda dollarlashuv darajasi yuqori boʻlgani bilan xorijiy valyuta nomutanosibligi koʻrsatkichlari yuqori emas. Yaʼni, xorijiy valyutadagi aktivlar va majburiyatlarning summasi oʻrtasidagi tafovut minimal darajada saqlanmoqda. Shu sababli, ham ayirboshlash kursidagi oʻzgarishlar banklarning moliyaviy holatiga katta taʼsirga ega boʻlmaydi.
Iqtisodiyotda dollarlashuv darajasini pasaytirish maqsadida bir qator choralar amalga oshirilmoqda. Xususan, xorijiy valyuta jalb etilgan depozitlar boʻyicha majburiy zaxira meʼyorlarining milliy valyutadagi depozitlarga nisbatan yuqoriligi, aholiga xorijiy valyutada kreditlarning ajratilmasligi va xorijiy valyutada yuqori foiz stavkada ajratilgan kreditlarning xatarlilik darajasining oshirilganligi kabi choralar shular jumlasidandir.
Oʻz navbatida, joriy tashqi xatarlar sharoitida Markaziy bank ichki valyuta bozoriga intervensiyalar hajmini oshirish va Markaziy bank asosiy stavkasini yillik 17% gacha oshirish orqali iqtisodiyot subyektlarining devalvatsion kutilmalarini jilovlashni maqsad qilingan. Ushbu choralar milliy valyuta almashuv kursining barqarorlashishiga xizmat qiladi. Bu esa bank tizimi va umumiy moliyaviy barqarorlikka ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Shuningdek, yuqori dollarlashuv darajasi sharoitida valyuta kursi oʻzgarishining banklarning kapital monandligi koʻrsatkichiga salbiy taʼsiri ehtimoli mavjud boʻlib, ushbu taʼsir koʻlami soʻmning AQSh dollariga nisbatan qadrsizlanish darajasiga bogʻliq.
2022-yil 1-fevral holatiga umumiy bank tizimining kapital monandlilik darajasi 17,4% ni tashkil etgan. Bugungi kunda Markaziy bank tomonidan turli ssenariylar asosida bank tizimi moliyaviy holati stress-testdan oʻtkazilmoqda va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy taʼsirlarni oldini olish boʻyicha tegishli choralar koʻrib boriladi. Biroq kapital monandlilik koʻrsatkichining bugungi kundagi yetarlilik darajasida boʻlganligi sababli davlat banklari kapitalini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha choralar rejalashtirilmagan.
— Bank tizimida muammoli kreditlar (NPL) hajmining ortishini kutilyaptimi? Agar Rossiya va boshqa davlatlardan pul oʻtkazmalari hajmining sezilarli darajada qisqarishi kuzatilsa (Jahon banki 21% ga qisqarishni prognoz qilmoqda), bu aholi tomonidan kredit toʻlovlari boʻyicha muammolarning yuzaga kelishiga sabab boʻlmaydimi? Regulyator muammoli kreditlar hajmi ortishini oldini olish boʻyicha qanday choralarni rejalashtirgan?
— Taʼkidlash joizki, yuzaga kelgan tashqi xatarli vaziyat boʻyicha noaniqlik darajasi yuqori boʻlib, uning rivojlanishi boʻyicha ehtimoliy kutilmalardan kelib chiqib Markaziy bank moliyaviy tizim koʻrsatkichlarini stress-testdan oʻtkazmoqda.
Bunda, pul oʻtkazmalari kamayishi hisobiga aholi daromadlarining qisqarishi, oʻz navbatida, ularning kredit toʻlovi intizomiga ham maʼlum maʼnoda koʻrsatadi, albatta.
Toʻlov intizomida salbiy oʻzgarishlar kuzatilishi borishi bilan Markaziy bank ham oʻz navbatida, bank tizimida muammoli kreditlar hajmi oʻsishini oldini olish boʻyicha choralarni amalga oshiradi va bugungi vaziyatdan kelib chiqib, zaruriyat yuzaga kelganda tijorat banklariga har bir mijoz boʻyicha alohida yondashishni tavsiya etmoqda.
— Markaziy bank asosiy stavkasi oshirildi, buning avval olingan kreditlarga, xususan taʼlim kreditlariga taʼsiri boʻladimi yoki yoʻqmi?
— Markaziy bankning asosiy stavkasi (oldingi qayta moliyalash stavkasi) oʻzgartirilgan taqdirda uning joriy kreditlarga taʼsiri shartnomada belgilangan shartlar asosida boʻladi. Xususan, tijorat banklari va mijozlar oʻrtasida oʻzgarmas foiz stavkalarida tuzilgan shartnomalarga Markaziy bankning asosiy stavkasi oʻzgarishlari taʼsir etmaydi.
Banklar va mijozlar oʻrtasida tuzilgan oʻzgaruvchan foiz stavkali, xususan, Markaziy bank asosiy stavkasiga bogʻlangan holda tuzilgan foiz stavkalari shartnomalarga taʼsiri esa ushbu shartnomada kelishilgan shartlar yoki kredit ajratish boʻyicha tegishli Nizom talablariga muvofiq boʻladi.
Jumladan, oliy taʼlim tashkilotlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun taʼlim kreditini ajratish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-avgustdagi 527-sonli “Oliy taʼlim tashkilotlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun taʼlim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Qarori orqali tartibga solinadi.
Ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizomning 22-bandiga muvofiq, taʼlim krediti tijorat banklari tomonidan kredit oluvchiga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida ajratiladi. Bunda, Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, taʼlim krediti boʻyicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasayadi, Markaziy bankning asosiy stavkasi oshirilgan taqdirda esa taʼlim krediti boʻyicha foiz stavkasi oʻzgarishsiz qoladi.
— Pulni tejash uchun oddiy fuqarolarga qanday maslahat berasiz?
— Eng muhimi, noaniqlik sharoitida vahima uygʻotmaslik va shoshib oʻylamasdan qarorlar qabul qilmaslik kerak. Tarix shuni koʻrsatadiki, vahima keltirib chiqaradigan iqtisodiy yoʻqotishlar iqtisodiy shoklarning oʻzidan bir necha barobar koʻp boʻlishi mumkin, bu muhim sababdir.
Banklarimiz tomonidan taklif etilayotgan milliy valyutadagi omonatlar shartlari va foiz stavkalari jozibador hisoblanadi. Mamlakatimizda inflyatsiya darajasi, ayirboshlash kursi dinamikasi va omonatlar boʻyicha foiz stavkalari orasidagi ijobiylikni hisobga olsak, mablagʻlarni milliy valyutada uzoq muddat saqlash toʻgʻri qarordir.
Har qanday holatda barcha omonatchilarga mablagʻlarning toʻliq qaytarilishi davlat tomonidan kafolatlanadi.