Spot avval yozganidek, Monopoliyaga qarshi qoʻmita shakar narxining “asossiz koʻtarilishi"ga qarshi qator choralar koʻrdi.
Birja narxini barqarorlashtirish uchun regulyator tovar birjasi orqali kuniga kamida 2000 tonna shakarni bir tonna lotda sotishni buyurdi. Bitta xaridor kuniga 20 tonnagacha xarid qilishi mumkin boʻldi.
Qoʻmita maʼlumotlariga koʻra, chora-tadbirlarning birinchi kunida shakarning ulgurji narxi 15% ga arzonlashdi. Agar 17-mart kuni bir tonna shakarning oʻrtacha tannarxi 11,9 mln soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 18-mart kuni bu 10,1 mln soʻmni tashkil qilgan.
Angren va Xorazm shakar zavodlari auksionga bir tonnasi oʻrtacha 8,44 mln soʻmdan shakar qoʻydi, deyiladi xabarda.
Limit joriy etilishi tufayli birjada shakar xaridorlari soni uch barobarga oshib, 150 taga yetdi. Taqqoslash uchun, mart oyi boshida ularning soni kuniga 50 ga yaqin edi.
Shuningdek, qoʻmita ayrim “insofli tadbirkorlar” tomonidan shakar narxini sunʼiy ravishda oshirib yuborishga oid bir qancha faktlarni aniqladi. Raqobatga qarshi xarakterdagi xatti-harakatlar holatlari ham kuzatildi. Ularga nisbatan qoʻzgʻatilgan ish boʻyicha hujjatlar rasmiylashtirilmoqda, deyiladi xabarda.
Noyabr oyi oʻrtalarida qoʻmita AI-80 benzini bilan savdoga nisbatan ham xuddi shunday choralarni joriy qilgan edi, oʻshanda yoqilgʻi narxining keskin oshishi haqidagi xabarlardan keyin ishlar boshlangan. Intervensiyadan keyingi dastlabki uch kun ichida narxlar 9% ga, 10 kun ichida esa 20% ga tushdi.
Avvalroq Spot Rossiya shakar va don eksportini vaqtincha taqiqlaganligi haqida xabar bergandi.