Prezident “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarorni imzoladi.
Unga ko’ra, davlat aktivlarini xususiylashtirishda ularning boshlangʻich narxini eʼlon qilmagan holda talabgorlarni muzokaralarga ommaviy taklif qilish yoʻli bilan, shu jumladan, professional tashkilotlarni jalb qilgan holda sotish uslubi joriy etiladi. Bunda, professional tashkilotlarni jalb qilish orqali xususiylashtiriladigan davlat aktivlari roʻyxati Davlat tender komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Professional tashkilotlarni jalb etgan holda qiymati $10 mln dan ortiq boʻlgan aktivlar boʻyicha investorlarning takliflari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va boshqa davlat organlari ishtirokisiz, jalb qilinadigan professional tashkilotlar tomonidan toʻgʻridan toʻgʻri qabul qilinadi.
Davlat tender komissiyasi qarori asosida talabgorlarni muzokaralarga ommaviy taklif qilish yoʻli bilan sotiladigan davlat koʻchmas mulk obyektlari yoki davlat ulushi boʻyicha investorlar takliflari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali qabul qilinadi, bundan qiymati $10 mln dan ortiq boʻlgan aktivlarni professional tashkilotlarni jalb etgan holda sotish holatlari mustasno.
Xalqaro nufuzga ega auditorlik kompaniyalarining Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan shuʼba korxonalarining baholash hisobotlari haqqoniyligini ekspertizadan oʻtkazish talab etilmaydi.
Davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli ulushlar va koʻchmas mulk obyektlarini sotishdan va ijaraga berishdan, shuningdek, yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini sotishdan tushadigan mablagʻlar xususiylashtirish va ijaraga berish natijalari toʻgʻrisidagi axborotda davlat aktivlarini xususiylashtirishdan va ijarasidan tushumlar sifatida inobatga olinadi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy organlaridan davlat koʻchmas mulk obyektlarini ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga yagona mulkiy majmua sifatida xususiylashtirish boʻyicha murojaat kelib tushganda, hududning shaharsozlik talablaridan kelib chiqqan holda, Qurilish vazirligi tomonidan bir hafta muddatda tegishli xulosa taqdim etiladi.
Davlat ishtirokidagi korxonalar va ular tarkibidagi tashkilotlarning bino, inshootlari yoki boshqa aktivlarini davlat organlariga oʻtkazilishi tovarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma sifatida qaralmaydi va iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlaydigan bepul tovar berilishiga tenglashtiriladi.
Davlat aktivlari boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilganda dastlabki toʻlov summasi 35% dan kam boʻlgan holatlarda, qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida yillik foizlar hisoblanadi.
Davlat koʻchmas mulk obyektlarini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olgan va sotib olish toʻlovini toʻliq amalga oshirgunga qadar “tasarruf etish huquqisiz” davlat orderi berilgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan qoʻshilgan qiymat soligʻi mazkur obyektlarga nisbatan tasarruf etish huquqi toʻliq oʻtgandan soʻng toʻlanadi.
Xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlarini, jumladan, ularning tovar-moddiy boyliklari, pul mablagʻlari va boshqa mol-mulklarini ular sotilgunga qadar butligini saqlash boʻyicha moddiy javobgar shaxs etib, ularni balansda saqlovchi tashkilotlar (korxonalar)ning birinchi rahbarlari belgilanadi. Bunda Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga mazkur talabning ijrosi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish yuklatiladi.