Prezident Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berdi. Bu haqda bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot vaziri Jamshid Qoʻchqorov maʼlum qildi.
Uning taʼkidlashicha, tijorat banklari va Markaziy bank tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida aholiga rublda pul oʻtkazmalari uzluksiz amalga oshirilmoqda
“Baʼzi tadbirkorlar erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada kreditni qanday toʻlashi haqida tashvishlanayotgan boʻlishi mumkin. Xabaringiz bor, oʻtgan yilning avgust oyida prezidentimiz tadbirkorlar bilan uchrashuvda ushbu kreditlarni soʻmda toʻlash imkoniyatini yaratish boʻyicha topshiriq bergan edi. Bu mexanizmdan har qanday tadbirkor foydalanishi mumkin”, dedi bosh vazir oʻrinbosari.
Jamshid Qoʻchqorovning aytishicha, oziq-ovqat mahsulotlari narxi keskin oshishining oldini olish maqsadida ayrim oziq-ovqat mahsulotlariga bojxona toʻlovlarini nolga tushirish imkoniyati koʻrib chiqilmoqda. Bu masala boʻyicha tegishli qaror kiritiladi.