Prezident farmoyishi bilan davlat rahbarining sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan “ochiq muloqoti"da belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.
2022-yil 1-iyundan quyidagilar amalga oshiriladi:
- sogʻliqni saqlash tizimi xodimlarining oylik maoshini malaka toifasiga qarab qoʻshimcha 15% gacha oshirish;
- yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokorlarga qoʻshimcha 25% miqdorida ustama toʻlashni joriy etish.
2022-yil 1-maydan:
- barcha tibbiyot xodimlari uchun dastlabki va davriy kasbiy tibbiy koʻrikni bepul oʻtkazish;
- qon bilan bevosita ishlayotgan tibbiyot xodimlarini gepatit “V” kasalligiga qarshi bepul emlash koʻzda tutilmoqda.
2022/2023-oʻquv yilidan:
- hududlarda shifokorlarga boʻlgan haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqib, tibbiyot OTMda davlat grantlari asosida qabul kvotalari maqsadli oshirib borish;
- ftiziatriya, gematologiya, nefrologiya, pulmonologiya, psixiatriya, shoshilinch tibbiy yordam, laboratoriya ishi, yuqumli kasalliklar kabi 15 ta tor sohadagi mutaxassislik boʻyicha magistraturaga davlat grantlarini 4 baravarga oshirish moʻljallangan.
Bundan tashqari:
- olis va chekka hududlar oilaviy shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalarining shifokorlari oylik ish haqiga qoʻshimcha 2 mln soʻm har oylik ustama belgilash;
- “Qishloq shifokori” dasturi doirasida jalb qilingan shifokorlarga ipoteka asosida uy-joy sotib olish xarajatlarining 50 foizigacha qismini mahalliy byudjetlar mablagʻlari hisobidan qoplab berish;
- olis va chekka hududlarda uzluksiz 3 yil ishlagan shifokorlarni klinik ordinaturaga test sinovlarisiz qabul qilish;
- oʻz mahallasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilgan, shaxsiy namuna koʻrsatgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari uchun “Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishonini taʼsis etish rejalashtirilgan.