Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Surxondaryo viloyati Angor tumanida yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishiga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtdi.
Prezident matbuot xizmati xabariga koʻra, Shavkat Mirziyoyev boʻlajak stansiyaning quvvati va samaradorligi haqida soʻzladi.
Loyiha umumiy qiymati $1 mlrd 200 mln boʻlib, uning natijasida 1 ming 560 megavatt quvvat yaratiladi, yiliga 12 mlrd kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Loyiha doirasida eng zamonaviy texnologiyalar oʻrnatilib, yiliga 1 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaladi.
Majmua Surxondaryodagi birinchi, oxirgi yillarda respublikada barpo etiladigan eng yirik issiqlik elektr stansiyasi boʻladi.
Qayd etilishicha, Surxondaryo neft, gaz, koʻmir, qimmatbaho va rangli metallar, koʻp turdagi bezak toshlar kabi 100 dan ortiq konlarga ega boʻlsa-da, ular yetarli darajada oʻzlashtirilmagan. Shuning uchun kelgusi besh yilda bu viloyatda $7 mlrd lik 5 mingdan ziyod investitsiya loyihalarini amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasi Surxondaryodagi 500 ming xonadonni ham nurga toʻldiradi. Bundan tashqari, qoʻshni Afgʻonistonga yiliga kamida 3 mlrd kilovatt-soat elektr energiyasini eksport qilish imkoniyati paydo boʻladi.
Loyiha Germaniyaning “Siemens Energy”, Fransiyaning “YeDF”, Niderlandiyaning “Stone City Energy” kompaniyalari tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Davlat rahbari sohada xususiy kapital ishtirokiga keng imkoniyatlar ochilayotganini taʼkidladi.
“Biz oxirgi yillarda energetika sohasida katta islohotlarni amalga oshirib, sohani toʻliq transformatsiya qilmoqdamiz. Jumladan, elektr ishlab chiqarishga ilk bor xususiy sektor ishtiroki uchun keng imkoniyatlar ochildi. Soʻnggi uch yilda umumiy quvvati 1 ming Megavattdan ziyod boʻlgan 5 ta elektr stansiyasi davlat-xususiy sheriklik asosida ishga tushirildi. Jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi $1 mlrd dan oshdi” — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shundan soʻng, davlat rahbari investorlar bilan birga ramziy tugmani bosib, issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlab berdi. Stansiyani 2024-yil oxirida ishga tushirish rejalashtirilgan.