Asosiy faoliyati smartfonlar, elektronika va maishiy texnika ishlab chiqarish boʻlgan Xitoyning Xiaomi kompaniyasi 2021-yildagi moliyaviy natijalarini eʼlon qildi. Hisobot davrida kompaniyaning foydasi $3,46 mlrd gacha oʻsdi, bu 2020-yildagi koʻrsatkichga nisbatan 69,5% ga oshganligini koʻrsatadi.
2021-yilning toʻrtinchi choragi natijalariga koʻra foyda $702 mln ga yetdi, bu 2020-yilning shu uch oylik davriga nisbatan 40% ga koʻp.
Hisobotga koʻra, 2021-yilning toʻrtinchi choragida Xiaomi savdosi 21% ga oʻsib, $13,5 mlrd ni tashkil etdi.Yillik daromadi esa 33,5% ga oshib, $51,65 mlrd ga bordi.
Citigroup tahlilchilari Andre Lin va Artur Lay Xiaomi smartfonlar yetkazib berish boʻyicha dunyoda uchinchi oʻrinda turishini taʼkidladi. Oʻtgan yilning ikkinchi yarmida boshdan kechirgan uzoq muddatli uzilishlar va narxlarning oʻzgarishiga qaramay, kompaniya oʻz pozitsiyasini saqlab qoldi.
Avvalroq Xiaomi ilk elektromobilining prototipini sentyabr oyida maʼlum qilishi xabar qilingandi.