Poytaxtda 1-Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) oʻz ishini yakunladi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga koʻra, forum doirasida Savdo, iqtisod, investitsiyalar, texnika, madaniyat, sport va yoshlar masalalari boʻyicha Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi hukumatlararo komissiya 5-yigʻilishi, “Sanoat kooperatsiyasi. Yangi imkoniyatlar” Oʻzbekiston-Xitoy investitsiyaviy forumi, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari rahbarlari va rivojlanish boʻyicha hamkorlar ishtirok etgan Oʻzbekiston uchun “mamlakat platformasi” boʻlib oʻtdi.
Forum yakunlari boʻyicha $7,8 mlrd lik aniq shartnomalar va investitsiyaviy bitimlar paketi imzolandi. Shuningdek, qiymati $3,5 mlrd lik loyihalarni amalga oshirish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
“TXIF oʻzini mintaqalararo va xalqaro aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirish uchun keng koʻlamli muloqot platformasi sifatida namoyish etib, mamlakatlararo va mintaqalararo investitsiyaviy va tashqi iqtisodiy hamkorlikning kuchli katalizatoriga aylandi”, deyiladi xabarda.
Forum Oʻzbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, mintaqa tadbirkorlari va xorijiy ishbilarmon doiralar oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish maqsadida ularni qiziqtirgan yoʻnalishlarni kashf etish uchun doimiy maydonchaga aylanishi kutilmoqda.