Oʻzbekiston oʻtgan haftada Transafgʻon temir yoʻli qurilishini boshladi. Bu haqda Pokistonning The News International nashri xabar bermoqda.
Qiymati $5 mlrd ga baholangan avtomobil yoʻli loyihasi Markaziy Osiyoni Pokiston portlari bilan bogʻlaydi. Uning sharofati bilan mintaqa tovarlari okeanga tezroq va arzonroq yetib borishi mumkin boʻladi, deb yozadi gazeta.
Dam olish kunlari, 26−27-mart kunlari Termiz shahrida Oʻzbekiston-Afgʻoniston-Pokiston uch tomonlama guruhi yigʻilishi boʻlib, unda transport-logistika sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Pokiston vakillari uchrashuv uchun alohida minnatdorlik bildirdilar.
“Termiz-Mozori-Sharif-Kobul-Peshovar temir yoʻli mintaqa kelajagi uchun burilish nuqtasi boʻlishi mumkin”, dedi Pokiston sarmoya komissiyasi rahbari Muhammad Azfar Ahsan.
Afgʻoniston qitʼaning ayrim qismlari oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtagani uchun qadimdan “Osiyo yuragi” deb atalgan, deya qoʻshimcha qildi rasmiy. Yangi loyiha mamlakatga Xitoyning “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusiga qoʻshilishiga yordam beradi, dedi u.
Muhammad Azfar Ahsan zamonaviy iqtisodiyot uchun transport aloqalarining muhimligini taʼkidladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari shimoliy, gʻarbiy va sharqiy yoʻnalishlarga qoʻshimcha sifatida janubdagi savdo aloqalariga muhtoj.
Uchrashuvda uch davlat oʻrtasida avtomobil transportida yuk tashish bilan bogʻliq muammolar va ularni bartaraf etish yoʻllari ham muhokama qilindi. Pokiston orqali yuk tashish shartlari va oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish mavzusiga toʻxtalib oʻtildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Pokiston va Afgʻonistonning 7 ta kompaniyasi bilan memorandum va kelishuvlar imzolandi, deb xabar qildi Transport vazirligi matbuot xizmati.