Osiyo infratuzilma sarmoyalari banki (AIIB) Oʻzbekiston bilan $108 mln lik kredit shartnomasini imzoladi, deb xabar bermoqda bank matbuot xizmati.
Hujjatni Toshkent investitsiya forumi doirasida AIIB vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy va Investitsiyalar vazirligi rahbari Sardor Umurzoqov imzoladi. Bu Oʻzbekiston uchun Davlat platformasi yigʻilishida rasmiylashtirilgan qoʻshma loyihalar boʻyicha 6 ta kelishuvdan biridir.
Bu mablagʻ Buxoro-Miskin-Urganch-Xiva temir yoʻlining 465 kilometrini elektrlashtirish, “Afrosiyob” tezyurar poyezdlari qatnovini taʼminlashga yoʻnaltiriladi. Avvalroq ushbu loyiha uchun Osiyo taraqqiyot banki $162 mln ajratgan edi.
Loyihaning amalga oshirilishi Buxorodan Xivagacha boʻlgan yoʻl vaqtini ikki soatga qisqartiradi, deyiladi bank maʼlumotida. Gʻarbiy viloyatlarning Oʻzbekistonning boshqa hududlari bilan transport aloqasi yaxshilanadi, sayyohlar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratiladi.
Filialni elektrlashtirish uning boʻylab barqaror turizm sanoatiga eʼtibor qaratgan holda iqtisodiy yoʻlakni yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda. Bundan oʻz navbatida yaqin atrofdagi shaharlar ham foyda koʻradi.
Shuningdek, loyiha tufayli temir yoʻl transporti yanada ekologik toza boʻladi. Atmosfera chiqindilari yiliga 81 ming tonnaga kamayadi, bu esa mamlakatning “past uglerodli” iqtisodiyotga oʻtishiga xizmat qiladi.
“Loyiha AIIBning „Ertangi infratuzilma“ mandatiga mos keladi, shuningdek, barqaror infratuzilmaga sarmoya kiritish orqali mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash namunasidir”, — dedi Limitovskiy. “Transport sohasining rivojlanishi mintaqadagi savdo-iqtisodiy oʻsishga yordam beradi”.
Bankning taʼkidlashicha, elektrlashtirish temir yoʻl oʻtkazuvchanligini oshiradi va toʻsiqlarni bartaraf qiladi. Buning samarasida Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi qoʻshnilari bilan ham, uzoq xorij davlatlari bilan ham savdo aloqalari kengayadi.