Prezident boshchiligida makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, aholi farovonligini oshirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida qayd etilishicha, soliq maʼmurchiligi doirasida ombordagi tovarlarning hisobini va kodlarini majburiy yuritish, mulklar hamda ijara shartnomalarini elektron roʻyxatdan oʻtkazish kabi yangi mexanizmlar boʻyicha jarima va boshqa taʼsir choralari yil yakuniga qadar qoʻllanilmaydi. Shuningdek:
- oʻz ehtiyojlari uchun olib kelingan xomashyo, asbob-uskuna, ehtiyot qismlarga bojxona imtiyozlarini qoʻllash davri hozirgi 6 oydan 1 yilgacha uzaytiriladi;
- yil yakuniga qadar Rossiya, Ukraina va Belarus bilan ishlayotgan korxonalarga debitor qarzdorligi uchun jarima qoʻllanilmaydi;
- ushbu mamlakatlar bilan ishlayotgan eksportchilarning bank kreditlari boʻyicha qarzdorligi uzaytiriladi, penya va jarimalar undirilmaydi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonda shakar, un, yogʻ, goʻsht kabi mahsulotlar uchun aksiz soligʻi va bojxona toʻlovlari pasaytirilishi mumkin.
Yigʻilishda qayd etilishicha, koʻrsatilgan tezkor amaliy yordam sababli bozorlarda goʻsht, sut, kartoshka, tuxum, guruch narxlari barqarorligi saqlanmoqda.
Avvalroq Markaziy bankka puxta oʻylangan, ogʻir va vazmin valyuta va monetar siyosatni olib borishni davom ettirish topshirilganligi haqida xabar berilgandi.