Spot hozirda ommalashib borayotgan yarim tayyor mahsulotlar bilan shug’ullanuvchi biznes vakillari bilan suhbat qildi. Unda “Almas Shan United” Oilaviy korxonasi rahbari Shayxova Malika Abror qizi (ingliz va xitoy tillari bo’yicha filolog) tahririyatga pandemiyaning ijobiy ta’siri, biznesning qiyinchilik tomonlari va o’ziga xosliklari haqida gapirib berdi.


Hammasi nimadan boshlandi

Bizning Ms.Frozen brendimiz 2020-yilda tashkil qilingan. Bunga asosiy sabablardan biri koronavirus pandemiyasi deb hisoblaymiz, chunki bu biznesga kirishimizdan avval asosiy faoliyatimiz turizm sohasi bilan bog‘liq edi, pandemiya eng salbiy ta’sir ko‘rsatgan sohalardan biri esa bu menimcha turizm sohasi bo‘lgan.

Shu sababdan o‘ylab, maslahat qilib bu biznesga kirishga qaror qilganmiz. Hozirgi kunda 30 xildan ortiq mahsulotlarimiz mavjud. Bozordagi o‘rnimizga kelsak, o‘ziga yarasha bu yo’nalishda ham raqobatchilarimiz bor, biz ularni va ularni mahsulotlarini bilamiz va aminmanki ular ham bizni va bizni mahsulotlarimizni biladi.

Shu bilan birga mijozlarimiz bizdan nimani kutayotganiga, nimani xohlayotganiga alohida e’tibor berishga harakat qilamiz.


Ba’zida mijozlardan u yoki bu mahsulotimizning ta’mi bilan bog’liq fikr va mulohazalr kelib turadi. Bunday holda shu partiya qachon tayyorlanganini va shu partiya kimlarga ketganini analiz qilib xaridorlarga telefon qilib chiqamiz, albatta sababini o‘rganamiz va chorasini ko‘ramiz.

Lekin bu juda kamdan kam uchraydigan hol. Shuni ham ta’kidlashimiz joizki, bizning mahsulotlar faqat tabiiy narsalardan tayyorlanadi, hech qanday kimyoviy moddalar yoki aralashmalar qo‘shilmaydi.

Targ’ibot va reklama

Ishlab chiqarish bir ish, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni iste’molchiga yetkazib berish yana bir alohida ish. Bu sohada biz ham albatta zamonaviy kasblarga ehtiyoj sezamiz. SMM, Telegram, Facebook hamda instagram kabi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanganmiz, hozir ham buning ustida ishlamoqdamiz.

O‘zim SMM kurslarida, katta o‘g‘lim grafik dizayn kurslarida o‘qiganmiz. Yaxshi tomoni shundaki, hozirgi kunda ruschasiga qilib aytganda, “Сарафанное радио” — bir- biriga do‘stona maslahat qilish, juda katta ish beryapti. O‘ylaymizki bu mahsulotlarimiz mijozlarga yoqqanidan.

Ish jarayonida 15 ga yaqin odam faoliyat yuritadi, asosiy ish kuchimiz ayollardan iborat, ish vaqtini soat 8 dan 5 gacha qilib belgilaganmiz. Ijtimoiy ta’minot masalasida har kuni tushlik beriladi.

Biznesimiz uchun oilaviy korxona tashkil qilingan, mahsulotlarimiz uchun standartlashtirish tashkilotlaridan sertifikatlarimiz mavjud.


To‘g‘risi go‘shtli mahsulotlarni sertifikatlashtirish juda qimmat, chunki bakteriologik analizlar juda qimmatga tushadi (bir turdagi go’shtli mahsulot uchun 4−5 mln so‘m atrofida), shu sababdan yangi turdagi mahsulotimizni qo‘shgan chog‘da birma — bir sertifikatlashtirishni amalga oshiramiz.

Rivojlanish va hamkorlik

Yuqorida aytganimday turizm sohasida ham faoliyat yuritamiz. O’zimizga tegishli bo‘lgan mehmonxonamiz bor. Shu sababdan pandemiyada mehmon yo’qligidan tushkunlikka tushmay, aksincha foyda chiqarish maqsadida ishimizni shu joyimiz oshxonasida boshlaganmiz.

Boshida bitta keyin yana va yana qo‘shimcha muzlatgchilar sotib olganmiz. Joyimizga sig‘may qolganimizda esa o’zimizga tegishli yerda bino qurganmiz va hozirgi kunda shu binoda faoliyatmizni davom ettirmoqdamiz. Xomashyoni ishlab chiqaruvchi firmalardan olishga harakat qilamiz, buning imkoni bo‘lmaganda bozordan ham kerakli narsalarni olamiz.


Bugungi kunga kelib faqat investitsiya qildik, sababi bu bozor rivojlanmoqda, samaradorligi yuqori. Asosiysi astoydil mehnat qilish va sifatni tushirmaslik.


Quyida keltirilgan raqamlar faqatgina ma’lumot sifatida ko’rsatib o’tilgan. Sonlar individual holatlarda o’zgarishi mumkin.


Obyekt

Summa (dollarda)

Bino ta’miri

25 000

Mebel

2000

Jihozlar (quritgichlar, muzlatgichlar, blender va boshqalar)

10 000

Xodimlar oyligi

3000

Kommunal to’lovlar

250


Rejalar. Hozirgi kunda Asia.uz supermarketlar tarmog‘i bilan ishlayapmiz, rejamizda boshqa supermarketlar tarmog‘iga chiqish hamda yaxshi chet ellik hamkor bo‘lsa chet elga (Qozog‘iston, Tojikiston) davlatlariga eksport qilish. Yana bir rejamizdagi ishlardan biri yosh qizlarimizga master klass darslar va pazandalik kurslarini tashkil etish.