USAID Innovatsiya vazirligi bilan hamkorlikda agrobiznes va agroturizmda innovatsion mahsulotlar va xizmatlarni birgalikda moliyalashtirish uchun kontseptual arizalarni qabul qilishni boshlaganini eʼlon qildi. Bu haqda Innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu tashabbus USAIDning Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda besh yillik Agrobiznesni rivojlantirish loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda va GPS, sunʼiy yoʻldosh va dron tasvirlari, mobil aloqa kabi yangi texnologiyalarni joriy etish orqali Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida xususiy sektorni rivojlantirishga qaratilgan.

Moliyalashtirishga yangi tashkil etilgan, shuningdek, qishloq joylarda faoliyat yuritayotgan korxonalar qabul qilinadi. Maqsad mintaqaviy va xalqaro savdoni oshirish, ayollar va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish, amaliy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlashdir.

Tanlovda ishtirok etish uchun mininovationusaid@gmail.com va fund@uzada.org elektron manzillariga muallif tomonidan imzolangan ariza, startap pasporti, xarajatlar smetasi, biznes-loyiha va 10 slayddan iborat loyiha taqdimotini yuborish kerak.

Arizalarni qabul qilishning oxirgi muddati 1-may soat 17:00 (Toshkent vaqti bilan)gacha. Notoʻgʻri toʻldirilgan yoki kech topshirilgan hujjatlar koʻrib chiqilmaydi.

Bitta ishtirokchi bitta loyihani taqdim etishi mumkin. Startap-loyihalar asosida model yoki prototip, dasturiy mahsulot, servis va ijtimoiy mahsulotni yaratishning maksimal muddati 1 yildan oshmasligi kerak.

Tanlov finalchilari 800 mln soʻmgacha boʻlgan yangi texnologiyalarga ega boʻladilar (500 mln Innovatsiya vazirligi, 300 mln USAID loyihasi).

Loyihaga ajratilgan yakuniy miqdor muzokaralar natijasiga bogʻliq boʻladi va belgilangan miqdordan kamroq yoki koʻp boʻlishi mumkin. Oxirgi holatda arizachi 300 mln soʻmdan sarmoya kiritishi shart.

Ariza beruvchining operatsion xarajatlari va boshqa joriy xarajatlari — ijara, ish haqi, buxgalteriya hisobi, ofis xarajatlari va boshqalar birgalikda moliyalashtirishga qabul qilinmaydi.