Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Davlat soliq qo‘mitasining “Nazorat xaridini amalga oshirishda bank kartalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi qaror loyihasi joylashtirildi.

Qaror loyihasi bilan nazorat xaridini amalga oshirishda bank kartalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanmoqda.

Loyihada:

  • nazorat xaridini amalga oshirishda jismoniy shaxsning shaxsiy bank kartasidan foydalanish tartibi;
  • korporativ bank kartalaridan foydalangan holda nazorat xaridini amalga oshirish tartibi;
  • nazorat xaridi davomida nazorat xaridi bo‘yicha sarflangan mablag‘larni soliq to‘lovchi tomonidan bank karta saqlovchisiga qaytarib berish talab etilmaydigan holatlar;
  • nazorat xaridida foydalanilgan mablag‘larni bank saqlovchisiga qaytarib berish tartibi;
  • nazorat xaridi davomida sotib olingan tovarlarni tekshiruv o‘tkazilgan soliq to‘lovchiga qaytarish tartiblari nazarda tutilgan.

Nizom loyihasiga asosan quyidagi holatlarda nazorat xaridi bo‘yicha sarflangan mablag‘larni soliq to‘lovchi tomonidan bank karta saqlovchisiga qaytarib berish talab etilmasligi belgilanmoqda:

  • xizmat ko‘rsatish sohasida xizmatlar (ishlar) to‘liq hajmda ko‘rsatilganda (bajarilganda);
  • umumiy ovqatlanish sohasida mahsulotlar isteʼmol qilinganda.

Loyiha muhokamasi joriy yil 19-aprelgacha davom etadi.