Tesla va SpaceX rahbari Ilon Maskni Twitterʼning faol foydalanuvchisi deb atash mumkin, u ushbu minbardan bir necha bor Amerika regulyatorlarining noroziligiga sabab boʻlgan fond bozori uchun muhim boʻlgan qarorlarni muhokama qiladi.

Ayni paytda Ilon Mask Twitterʼdagi 9,2% ulushga ega ekanligi maʼlum boʻldi. Milliarderning joriy aktivga qiziqishi darhol qimmatli qogʻozlar narxining 26%ga oshishiga olib keldi.

Juma kuni Maskning Twitterʼdagi aksiyalari qiymati $2,89 mlrd ga baholanayotgan edi, hozir esa rasmiy savdo sessiyasi ochilishi oldidan birja koʻrsatkichlari boʻyicha u kamida chorakka oshdi.

Eng qizigʻi, bu xaridni milliarder Twitter rahbariyatini soʻz erkinligi tamoyilini buzganlikda tanqid qilganidan ikki hafta oʻtmay amalga oshirdi. Endi Mask xuddi shu nomdagi kompaniyaning eng yirik aksiyadori hisoblanadi, biroq Wedbush Securities ekspertlari kompaniya siyosatiga taʼsir qilish uchun u Twitter kapitalidagi ulushini oshirishini kutishmoqda.

Maskning Twitterʼda 80 mln ga yaqin obunachisi bor, ular bilan eng muhim mavzularda suhbatlashishni yaxshi koʻradi. Oʻtgan hafta milliarder obunachilardan biri bilan adolat va soʻz erkinligi tamoyillariga asoslangan yangi ijtimoiy platforma yaratish gʻoyasini jiddiy muhokama qildi.

Mask 2018-yilda Teslaʼning har bir aksiyasini $420 dan qaytarib sotib olish niyati haqidagi xabari uchun jami $40 mln jarima toʻlashiga toʻgʻri keldi. Endi regulyatorlar undan Tesla aksiyalarining 10%ini kompaniya advokatlari va direktorlar kengashi bilan sotish zarurligi haqidagi noyabr oyidagi soʻrovning muvofiqligini isbotlashni soʻramoqda.


Twitterʼning avvalgi rahbari tvitlarni tahrirlash funksiyasini joriy etishdan bosh tortgandi.

Twitterʼning eng yirik aksiyadori boʻlib olgan Tesla va SpaceX rahbari bugun “Tahrirlash tugmachasi boʻlishini xohlaysizmi?” degan yagona savol bilan tvitda soʻrovnoma eʼlon qildi. Ayni damda ovoz berganlarning aksariyati (toʻrtdan uch qismi) tvitlarni tahrirlash tugmachasini joriy etish tarafdori.

Soʻrov Maskning qandaydir shaxsiy tashabbusi deb oʻylash mumkin edi, ammo Twitterʼning hozirgi bosh direktori Parag Agraval retvit qilib, quyidagilarni yozdi: “Ushbu soʻrovning natijalari muhim boʻladi. Iltimos, diqqat bilan ovoz bering”.

Maskning ijtimoiy tarmoqdagi hozirgi taʼsirini inobatga olganda, agar foydalanuvchilarning koʻpchiligiga taklif maʼqul kelsa, unda tegishli tugma haqiqatda paydo boʻlishiga shubha yoʻq.

Aytish kerakki, foydalanuvchilar bir necha yillardan buyon ijtimoiy tarmoq rahbariyatidan xabarlarni tahrirlash funksiyasini kiritishni soʻrab kelishadi, biroq ularning soʻrovi eʼtiborga olinmagan.

2020-yilda Twitter asoschisi va sobiq bosh direktori Jek Dorsi Wiredʼga yuklagan videosida ijtimoiy tarmoq tahrirlash tugmachasini ehtimol, hech qachon qoʻshmasligini aytgan edi. U buni Twitter qisqa matnli xabarlar almashish xizmati sifatida yaratilgani bilan izohladi, shuning uchun biror narsani eʼlon qilgan foydalanuvchi shunchaki matnni olib, oʻzgartira olmaydi. Ammo endi Twitter boshqaruviga boshqa shaxs keldi va asosiy aksiyadorlar orasida eʼtibordan chetda qoldirib boʻlmaydigan yangi shaxs paydo boʻldi.