Oʻzbekistonda IT-mutaxassislarga talab ortib bormoqda. Yil davomida hh.uz saytida ushbu sohadagi boʻsh ish oʻrinlari soni 79% ga oshdi, deya Spotʼga xabar berdi saytning PR xizmati.
Xizmat maʼlumotlariga koʻra, 2021-yilda quyidagi mutaxassislarga eng koʻp talab boʻlgan:
- dasturchilar 54%,
- IT-muhandislari 23%,
- tizim maʼmurlari 20%,
- web-masterlar 17%
- web-muhandislar 15%.
HeadHunter tahlilchilari kompaniyalar yangi mutaxassislarni jalb qilish bilan birga, mavjudlarini saqlab qolishga harakat qilmoqdalar, degan xulosaga kelishdi. Taqdim etilgan shartlar orasida masofaviy ishlash imkoniyati, moslashuvchan soatlar, korporativ transport va boshqalar mavjud.
Bundan tashqari, IT xodimlari uchun ish haqi takliflari 24% ga oshdi. Endi ish beruvchilar ularga oyiga oʻrtacha 6 mln soʻm toʻlashga tayyor. Oʻz navbatida, IT-mutaxassislarining ish haqiga boʻlgan umidlari yil davomida 3,5 baravarga (+256%) oshdi.
HeadHunter taʼkidlashicha, shunga oʻxshash nomutanosiblik kadrlar tanqisligi yuqori boʻlgan hududlarga xosdir. Malakali mutaxassislar talabni his qilib, mustaqil ravishda ish haqi miqdorini belgilaydilar.
Xizmat tahlilchilari IT sohasida eng yaxshi nomzodlarni ishga olish uchun ish beruvchilarga ish haqi chegaralarini oshirishni tavsiya qiladi.
Bungacha hh.uz IT sohasiga qiziqish ortganini qayd etgan edi. 2021-yil mart oyida oʻzbekistonliklar bu sohada bir yil oldingiga nisbatan 65% ga koʻproq rezyume joylashtirgan va dasturchi kasbi mashhurlik boʻyicha ikkinchi oʻrinni egallagan.
Mavzuga doir: Oʻzbekistonda 1-apreldan IT sohasiga qanday imtiyozlar joriy etildi