“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi Rossiyaning “Avanti” poyabzal kompaniyasi bilan onlayn muzokaralar olib bordi. Bu haqda uyushma matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvni tashkil etishda Rossiyaning savdo vakolatxonasi yordam berdi. Unda ishtirok etayotgan Oʻzbekistonning charm-poyabzal korxonalari — “Tata Shoes”, “Vodiy Shoes”, “Classika Shoes International” va boshqa bir qator kompaniyalar vakillari Rossiya tomoniga oʻz imkoniyatlarini taqdim etdi.
“Avanti” kompaniyasi rahbarlari, oʻz navbatida, oʻzbek xalqini uning ishlab chiqarish salohiyati bilan yaqindan tanishtirdi. Rossiya kompaniyasi ham mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qilish niyatini bildirdi.
Xususan, uning vakillari Rossiyaga xomashyo va materiallarni olib kirish, poyabzal ustki qismi, kanvas va boshqa yarim tayyor mahsulotlarga buyurtma berishni taklif qilishdi. Bundan tashqari, Oʻzbekistonda qoʻshma korxona tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar qoʻshma hamkorlikka kelishib oldilar. “Oʻzcharmsanoat” rahbariyati Rossiya tomoniga may oyida oʻtkazilishi rejalashtirilgan Uzcharmexpo koʻrgazmasi doirasida uchrashuv oʻtkazishni taklif qildi.
Avvalroq Spot Oʻzbekiston charm-poyabzal bozorining soʻnggi 5 yildagi asosiy oʻsish koʻrsatkichlari haqida yozgan edi.
“Avanti” 18 yildan beri Rossiya bozori uchun sport va raqs poyabzallarini ishlab chiqaradi. Kompaniya Tver viloyatidagi zavoddan yirik chakana savdo tarmoqlariga tovarlar yetkazib beradi, shuningdek, ularni Ozon va Wildberries bozorlari orqali sotadi.