Spot, avvalroq Olimjon Obidov qanday qilib konsalting agentligini ochganligi, pandemiya sabab ishlar orqaga ketganligi va sohaning o’ziga xosliklariga oid maqolani e’lon qilgan edi.
Tadbirkorning fikricha, kitoblar, asosan investitsiya va moliyaviy savodxonlikka oid bazaviy asosga ega darslik va qo’llanmalar barcha uchun muhim. Chunki undagi ko’rsatmalar biznesgagina tegishli bo’lmasdan, shaxsiy hitob-kitoblarni tartibga solishga ko’maklashadi.
Olimjon Obidov — JIDU va Janubiy Koreyaning Ajou universitetida tahsil olgan. “Das Team” konsalting firmasi hammuassisi hamda menejeri va “Te Amo Travel” loyihasi asoschisi.
“200 hayot darsi” Robin Sharma
Kitob hayotning asosiy yozilmagan qoidalari haqida ma’lumot beradi. Kun davomida barchamizning fikrimizga ajoyib g’oyalar va ilhom kelib turadi. Ushbu fikrlarni yozib olish uchun cho’ntagimizda yoki sumkamizda yon daftarcha va qalam kerak bo’ladi. Ularni albatta yozib yuring. Yangi fikr bilan rivojlangan inson hech qachon oldingi fikrlash o’lchamiga qaytmaydi.
Shuningdek, hech qachon oilangizdan tashqari yoki yaqin bo’lmagan insonlarga sog’lig’ingiz, boyligingiz va shu kabi boshqa shaxsiy masalalar haqida so’z ochmaslikka o’rgatadi.
“G'oliblar qonuniyatlari” Bodo Shefer
Ushbu kitobda hayotda farovon turmush asoslarini barpo qilish yoki noshudlik orqasidan qashshoq yashash-shaxsan oʻzingizga bogʻliq ekanligi ruhiy-falsafiy tarzda sodda bayon etiladi.
Kitob oddiy haqiqatlarni ochib berganga o’xshaydi, ammo bularning barchasi shunday tuzilganki, ushbu qoidalarning majburiy bajarilishini tushunish paydo bo’ladi. Ya’ni, “Biz doimo rivojlanishimiz kerak” deya hech kim aytmaydi va ko’rsatmaydi. Bu kitob shunday yozilganki, siz ikkinchi oliy ma’lumotni olishni xohlaysiz.
Kitobda hayotning barcha sohalariga oid maslahatlar va qonunlar mavjud: ish, moliya, yaqinlaringiz va notanishlar bilan muloqot va eng muhimi, u miyani ijobiy hamda samarali yo’lga moslashtiradi. Buni o‘zim ham his qilganman.
“Boy ota, kambag’al ota” — Robert Kiyosaki
Har kim oʼz farzandiga bilganicha taʼlim-tarbiya beradi. Bu borada hammaning oʼz qarashi bor. Аmmo kelajak kimning yoʼli toʼgʼriroq ekanini, albatta, koʼrsatadi. Mazkur kitobda boy va kambagʼal toifadagi otalarning fikr-mulohazalarini, bu xususdagi tamoyillarini keltirilgan.
Kitobda Robertning otasi, o’qimishli, ammo kambag’al hamda do’stining tadbirkor va boy otasi qarama-qarshidir. Yorqin misollar ularning tafakkuri va hayotga, eng muhimi, moliyaga bo’lgan munosabatidagi farqni ko’rsatib turibdi. Buning asosida, aslida, Robert Kiyosaki nima uchun biri hali ham boy, ikkinchisi esa, ma’lumotiga qaramay, kambag’alligini ko’rsatadi.
Bu kitobdan men o’rgangan asosiy narsa shundaki, u sizni mavjud narsalarga boshqacha qarashga majbur qiladi. Siz pulga nisbatan aqlli bo’lishingiz kerak.
Hech qachon o’zingizga “men hech qachon erisha olmayman” kabi to’siqlar qo’yishingiz shart emas, siz doimo maqsadingizga intishingiz, diqqatni jamlashingiz kerak, shunda natija sizni kutmaydi.
Kitobda pulingizni qanday boshqarish bo’yicha muhim maslahatlar ham mavjud. Bundan tashqari, iqtisodiy ta’lim hayotda juda muhim va uni hech qachon to’xtatmaslik kerak degan g’oyani rag’batlantiradi. Umuman olganda, kitob ko‘pchilik xalqimizning iqtisodiy bilimlaridagi kamchiliklarni tugatishga undaydi.
Marketing “A” dan “Z” gacha Filipp Kotler
Kitob muallifi biznes egalari uchun marketing qanchalik muhim ekanligi va uning asosiy vazifalari 80 ta aniq misollar bilan tushuntirib o’tgan.
Ko’pchilik tadbirkorlar marketing sotuvga javob beradi va ishlab chiqarilgan ortiqcha mahsulotdan qutulish kerak deya hisoblaydi. Ammo aslida marketing tayyor mahsulotni sotish bilan emas, balki unga maqsadli bo’lgan auditoriya va mijoz topish bilan shug’ullanadi. Shuningdek, mijoz qidirishda ularning qadriyatlari va joylashuv nuqtasi va narxga aloqador bo’lmagan omillar asosida ish yuritishi haqida ham fikr yuritiladi.
Qolaversa, marketing faqatgina bo’lim bo’lib qolmasdan, uning to’laqonli faoliyat ko’rsatishi uchun butun bir korxona harakat qilishi va marketingning muhimligini dastlab boshqaruvchi shaxsning o’zi anglab yetishi kerakligi ham aytib o’tilgan.
“Jamiyatlar nega omadsizlikka uchraydi?” (Why Nations Fail) Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson
Katta hajmga ega kitobda hozirgi kundagi davlatlarning nega ayrimlari kambag’al, ayrimlari esa iqtisodiyot tomondan rivojlangan ekanligini bir qancha omillar bilan tushuntirib bergan.
Mamlakatning rivojlanishi yoki qoloqlashuvi u joylashgan geografik hududga bog‘liq emas. Bu nazariyaning noto‘g‘riligini Nogales shtati misolida ko‘rish mumkin. Shahar devor orqali ikkiga bo‘lingan — bir qismi AQShning Arizona shtatida, ikkinchi qismi Meksikaning Sonora shtatida joylashgan.
Meksika Nogalesida aholining daromadi AQSh Nogalesiga qaraganda uch baravar kam, odamlarning aksariyati maktab ta’limini tamomlamagan, bolalar o‘limi va jinoyatchilik darajasi yuqori, umr davomiyligi qisqa, infratuzilma xarob ahvolda, amaldorlarning salohiyati past, korrupsiyaga moyilligi yuqori. Shaharning AQShdagi qismida bu holatning ayni teskarisini ko‘rish mumkin. Nogales hudud taraqqiyoti geografik sharoitga bog‘liqligi haqidagi qarashni yo‘qqa chiqaradi.