Prezident “Tashqi savdo faoliyati ishtirokchilarini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmonni imzoladi.

Yoshlar tadbirkorligini yanada qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, innovatsion texnologiyalarga asoslangan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish faoliyatini ragʻbatlantirish maqsadida hukumat komissiyasi qaroriga asosan Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ularga $500 minggacha kreditlar ajratishga ruxsat berildi.

“Bojxona ombori” rejimida olti oydan koʻp boʻlgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlarni qoʻllashni taqiqlovchi tartib bekor qilindi.

Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha hukumat komissiyasi:

  • ikki hafta muddatda eksport qilishda tashish xarajatlarini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladigan yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar roʻyxatini tasdiqlaydi va uning Eksport qiluvchilarni qoʻllab-quvvatlashning yagona portalida (www.exportportali.uz) eʼlon qilib borilishini taʼminlaydi;
  • Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlarining maqsadli va samarali sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatadi.

Hukumat komissiyasiga mahalliy eksportchi korxonalarning murojaatlariga asosan eksportoldi va eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ajratilgan kreditlarni qaytarish muddatini yana olti oygacha uzaytirish vakolati berildi.

Bunda, ushbu kreditlarni qaytarish muddatining oʻzgartirilishi Markaziy bank tomonidan kredit shartlari qayta koʻrib chiqilgan aktivlar sifatida hisoblanmasligi belgilab qoʻyildi.

Avvalroq Spot meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibiga oʻzgartirish kiritilishi haqida yozgan edi.