Yandex Go xizmati Buxoroda ham ishga tushirildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmat Spotga maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, safar narxi 2500 soʻmdan boshlanadi. Masalan, aeroportdan “Buxoro arena"gacha yetib borish narxi taxminan 6300 soʻm, Asia Bukhara mehmonxonasidan Mirzo Ulugʻbek bogʻigacha esa safar taxminan 5300 soʻmni tashkil etadi.

“Yaqinda xizmatimizni Samarqandda, bugun esa — Buxoroda ishga tushirdik. Yandex Go bilan shaharda yurish ancha qulay: endi koʻchada mashina ushlash yoki qoʻngʻiroqlarga vaqt sarflash kerak emas. Buyurtma berishingiz bilan barcha kerakli maʼlumot ilovada koʻrinadi, masalan avtomobil rusumi va davlat raqami. Ilovada qoʻllab-quvvatlash xizmatiga tezkor aloqaga chiqish imkoniyati ham mavjud”, — deydi Markaziy Osiyo bozorlarini rivojlantirish boʻyicha Yandex Go ijrochi direktori Tamirlan Shapiyev.

Buxoroda safarning aniq narxi mashinaga buyurtma berish paytidayoq koʻrinadi. Haydovchi yoʻnalishni yoʻl taʼmiri tufayli oʻzgartirishiga toʻgʻri kelsa ham narx oʻzgarishsiz qoladi. Hozircha safar uchun toʻlov naqd koʻrinishda amalga oshiriladi.

Yandex Go oʻz texnologiyalari — xaritalar, marshrutizatsiya, navigatsiya, buyurtmalarni taqsimlash aqlli tizimidan foydalanadi.

Maʼlumot uchun, Yandex Go Oʻzbekistonda 2018-yilning aprel oyida ishga tushirilgan. Buxorodan tashqari xizmat oltita shaharda — Toshkent, Fargʻona, Margʻilon, Namangan, Samarqand va Andijon da ishlaydi. Yandex Go oʻz haydovchilari va mashinalariga ega emas. Xizmat mahalliy tashuvchilar bilan hamkorlik qiladi. Ilova iOS va Android uchun oʻzbek, rus va boshqa koʻplab tillarda mavjud.