Rossiyaning “Ozon” marketpleysi Oʻzbekistonda oʻz brendi ostida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishi mumkin, deb yozadi “Kommersant”.
Mart oyi boshida kompaniya 5 ta savdo belgisini — “Ozon Pets”, “Ozon Sports”, “Ozon Baby”, “Ozon Travel” va “Ozon Home” savdo belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun ariza bergan. Marketpleys vakillari bir nechta toifadagi oʻz brendlarini chiqarish rejalarini eʼlon qilishdi.
Ozon oʻz savdo belgilarini yaratish va ular ostida tovarlarni chiqarish “ogʻir geosiyosiy vaziyat tufayli tushib qolgan assortimentni” almashtirishga yordam beradi, deb kutmoqda.
Korxonalar kosmetika va maishiy kimyodan tortib, avtomobil ehtiyot qismlari va qurilish materiallarigacha bir qator toifadagi isteʼmol tovarlari yetishmasligi haqida allaqachon xabar bermoqda. Chet el kompaniyalarining chiqib ketishi yoki faoliyatining qisqarishi fonida Rossiya chakana sotuvchilari oʻz tovarlarini almashtirishni qidirmoqdalar.
Bozordagi har bir oʻyinchi oʻziga xos tarzda ishlaydi, deydi “One Story” hamkori Olga Sumishevskaya. Baʼzi kompaniyalar xususiy yorliqlarga tayanadi, boshqalari chet elda yetkazib beruvchilarni qidiradi.
“Ozon”, bozor vakillarining soʻzlariga koʻra, Rossiyadagi hamkorlari bilan oʻz brendlari tovarlarini chiqarishni tashkil qiladi. Biroq, Sumishevskaya, katta ehtimol bilan, ayrim toifadagi ishlab chiqarish Qozogʻiston va Oʻzbekistonda joylashishini taxmin qilmoqda.
Mutaxassisning fikricha, Rossiyada katta hajmdagi buyurtmalarni yetarli darajada sifatli ishlab chiqarish quvvatlari mavjud emas. Shuning uchun, Osiyoda ular, masalan, sport tovarlari va uy-roʻzgʻor buyumlarini ommaviy ishlab chiqaradilar.
Sumishevskayaning fikricha, xususiy yorliq bozorining mashhurligi ular ostida sotiladigan tovarlar sifati bilan belgilanadi.
Boshqa yirik chakana sotuvchilardan xususiy yorliq yoʻnalishi Yandex.Market tomonidan faol rivojlanmoqda, masalan, mart oyida u oʻz brendi ostida elektronikani sotishni boshladi. Boshqa tomondan, Wildberries xususiy yorliqlar oʻrniga Qozogʻiston va Belorussiya ishlab chiqaruvchilardan toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berishni koʻpaytirmoqchi.
Spot avvalroq Avanti poyabzal ishlab chiqaruvchisi Rossiya-Oʻzbekiston qoʻshma korxonasini ishga tushirishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.