Shavkat Mirziyoyev 4-apreldagi qarori bilan Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida ikkita avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilish loyihalarini tasdiqladi. Hujjat Lex.uz maʼlumotlar bazasida mavjud.

Gap Surxondaryo viloyatidagi yoʻl uchastkalari, shuningdek, A380 Gʻuzor-Buxoro-Nukus-Beyneu avtomobil yoʻli haqida bormoqda. Fevral oyida OTB ularni rekonstruksiya qilish uchun $273,8 mln ajratishni maʼqulladi.

Bu mablagʻning katta qismi — ($183,8 mln) Surxondaryodagi loyihaga yoʻnaltiriladi. Oʻzbekiston unga yana $43,5 mln qoʻshadi (bojxona imtiyozlari va QQSni qoplash uchun). 2027-yil oxiriga qadar quyidagi uchastkalarda 111 km yoʻllarni taʼmirlash rejalashtirilgan:

  • 4P105 (Darband — Boysun — Elbayon) yoʻlining 5−70-km.
  • 4P100 (Manguzor — Denov) yoʻlining 128-dan 174-km gacha.

OTB kreditining qolgan $90 mln qismi Gʻuzor-Buxoro-Nukus-Beyneu avtomobil yoʻlining 87 kilometrlik (228−315 km) qismini rekonstruksiya qilishni yakunlash uchun sarflanadi. Ushbu loyiha 2023-yilda yakunlanishi kutilmoqda.

Shuningdek, kreditlar boʻyicha bankka toʻlovlarning prognoz jadvali tasdiqlandi. Unga koʻra, 2046-yil martigacha toʻliq toʻlash rejalashtirilgan.

Avvalroq Spot OTB Oʻzbekistonga kasb-hunar taʼlimi tizimini yaxshilash uchun $93 mln ajratayotgani haqida xabar bergan edi.