Elektron auksion maʼlumotlariga koʻra, Majburiy ijro byurosi Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi 5 qavatli binoni kimoshdi savdosiga qoʻydi.
2019-yilda qurilgan gʻishtli bino Abdulla Qahhor koʻchasi boʻylab, Nukus koʻchasiga parallel joylashgan. Suratga qaraganda, bu yerda Summer Hotel joylashgan.
Obyekt 0,1 gektar (10s) maydonni egallaydi, uning yarmidan bir oz koʻprogʻi qurilgan, shuningdek, hududda suzish havzasi mavjud. Binoning maydoni 2039 kv.metr, shundan 1724 kv.metri 93 ta xonaga taqsimlangan.
Hamma kommunikatsiyalar — gaz, elektr, suv va kanalizatsiya mavjud. Bino ichidagi mebel va boshqa buyumlarsiz sotiladi.
Lotning boshlangʻich bahosi — 6,25 mlrd soʻm. Auksion 10-may kuni soat 10:00 da boshlanadi, arizalar shu sananing soat 9:00 gacha topshirilishi mumkin.
Lot kimoshdi savdosiga yanvar oyida fuqarolik ishlari boʻyicha sud qarori bilan qoʻyilgan (ijro hujjati 2−1002−2108/14269).