“Oʻzbekkosmos” agentligi aerokosmik startaplar uchun inkubatsiya dasturini yoʻlga qoʻyadi. Bu haqda agentlik saytida xabar berildi.

Inkubator Toshkentdagi Inno texnoparkida joylashgan. Dastur “biznes gʻoyadan ishlaydigan biznesgacha” tamoyili boʻyicha, keyinchalik Oʻzbekiston bozoriga joriy qilingan holda tashkil etilgan.

Ishtirok etish uchun quyidagi yoʻnalishlardagi startaplar taklif etiladi:

  • Yerni masofadan zondlash (ER) tasvirlarini qayta ishlash;
  • GIS;
  • fazoviy maʼlumotlar;
  • navigatsiya;
  • IoT (internet of things);
  • komponentlar va subsistemalar;
  • dronlar hamda antidronlar va boshqalar.

Inkubator doirasida startaplar ofis maydoni va texnik-ishlab chiqarish bazasi bilan taʼminlanadi. Tashkilotchilar ishtirokchilar bilan mashgʻulotlar (kouching) oʻtkazadi, shuningdek, ularning gʻoyalarini amalga oshirish monitoringini olib boradi.


Ishtirokchilar ishbilarmonlar, ekspertlar, biznes angellar va investorlar davrasidagi aloqalar tarmogʻidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladilar. Bundan tashqari, ular potensial investorlar bilan muzokaralarga tayyorgarlik koʻrishlari va yuridik yordam olishlari mumkin boʻladi.

Rezidentlarni tanlash tanlov natijalariga koʻra amalga oshiriladi. Inkubatorda ishtirok etish mutlaqo bepul.

Ishtirok etish uchun ushbu anketani toʻldirish kerak. Arizalar doimiy ravishda qabul qilinadi.

Dastur 6 oy davom etadi va yana 6 oyga uzaytirish imkoniyati mavjud.