Prezident “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Unga ko‘ra:

a) oxirgi kalendar yilida tovarlar (xizmatlar)ni sotishdan tushgan tushumi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n ming baravaridan oshmaydigan yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar yoxud shaxslar guruhini (tabiiy monopoliya sub’yektlari, davlat xaridlari va birja savdolari ishtirokchilari, mahsulotlarining narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlardan tashqari) tovar yoki moliya bozorlarida ustun mavqe egallagan deb e’tirof etmaslik hamda ularga nisbatan monopoliyaga qarshi choralarni qo‘llamaslik;

b) 2022-yil 1-sentabrdan boshlab, raqobatga qarshi harakatlarni sodir etgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga nisbatan quyidagilar uchun moliyaviy jarimalarni qo‘llash:

  • tovar va moliya bozorida raqobatni cheklashga olib keluvchi kelishuvlar (kelishib olingan harakatlar) va iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish;
  • tovar va moliya bozoridagi ustun (monopol) mavqeni hamda yuqori muzokara ustunligini suiiste’mol qilganlik, ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega mahsulotlar narxlarini asossiz oshirganlik va insofsiz raqobat;
  • xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni qo‘shib yuborishda, qo‘shib olishda va ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) sotib olish bo‘yicha bitimlar tuzishda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik;
  • ommaviy savdolarda raqobatga zid harakatlar amalga oshirganlik va monopoliyaga qarshi talablarni buzganlik.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda moliyaviy jarimalarning aniq miqdorlari va ularni qo‘llash tartibini nazarda tutuvchi yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritadi. Bunda, undirilgan moliyaviy jarimalar summasini to‘liq Davlat byudjetiga yo‘naltirish hamda raqobatga qarshi harakatlarning boshqa turlari uchun ham javobgarlik nazarda tutiladi;

v) 2022-yil 1-sentabrdan boshlab, quyidagilar uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish:

  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan xomashyo, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishi va realizatsiya qilinishini (ko‘rsatilishini) noqonuniy cheklash;
  • litsenziyalash, ro‘yxatga olish, akkreditatsiyadan o‘tkazish va ruxsat berish vakolati berilgan davlat unitar korxonalari yoki muassasalari, yuridik shaxslar birlashmalari tomonidan raqobatni cheklaydigan qarorlar qabul qilish;
  • monopoliyaga qarshi organ talabiga ko‘ra, zarur hujjat va axborotlarni taqdim etmaganlik, noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etganlik.
  • Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Qonunchilik palatasiga tegishli qonun loyihasini kiritadi;

g) 1-ilovada nazarda tutilgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq xususiy sektorni keng jalb qilish hamda eksklyuziv huquqlarni bekor qilish orqali mavjud monopoliyalarni bartaraf etish;

d) 2023-yil 1-yanvardan boshlab Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan har yili Senatga axborot beriladigan Raqobat rivojlanishi indeksini joriy qilish.